Tutingan ota-onalarni tayyorlash boʼyicha oʼquv kurslari yakunlandi

Tutingan ota-onalarni tayyorlash boʼyicha oʼquv kurslari yakunlandi

Mamlakatimizda ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni himoya qilish, bolani oilada tarbiyalanishi uchun uning qondosh  oilasini  ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash yoki joylashtirishning muqobil shakllarini rivojlantirish, yetim bolalar uchun oilaviy muhitda tarbiyalanish imkoniyatini amalga oshirish yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5215-sonli Qarori asosida masʼul tashkilotlar bilan birgalikda salmoqli ishlar amalga oshirib borilmoqda. 2021 yil avgust oyigacha faoliyat koʼrsatgan 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta bolalar shaharchasidan 2022 yil holatiga koʼra 12 ta Mehribonlik uyi, 4 ta Bolalar shaharchasi va 3 ta Bolalar uyi faoliyati tugatildi. Bugungi kunda 1982 nafar oʼgʼil-qizlar oilalarda tarbiyalanmoqda. Shundan 788 nafar bolalar 125 ta oilaviy bolalar uyida  tarbiya olishmoqda. Shunga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 avgustdagi “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi  PQ-345-sonli Qarorida ham yetim bolalar va ota-onasining qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni oilaviy bolalar uyi tashkil qilayotgan yoki oilaga tarbiyaga (patronat, vasiylik, homiylik)  olayotgan  fuqarolarni  tayyorlash  dolzarb  ahamiyatga  ega  ekanligi belgilangan.  Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi tomonidan 2022 yil 25 avgustda “Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari toʼgʼrisida vaqtinchalik nizomni tasdiqlash toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 26-son hamda Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 36k/k-son Qoʼshma qarori ishlab chiqilib, masʼul tashkilotlar tomonidan tasdiqlandi. Ushbu Qarorga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetda yangi tashkil etilgan “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan Tutingan ota-onalarni tayyorlash yuzasidan oʼquv kurslari Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2022 yil sentyabrь oyidan 2022 yil avgust oyigacha sayyor dars mashgʼulotlarini tashkil etadilar. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan joriy yilning 5-17 dekabrь kunlari Qashqadaryo viloyatida yetim va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni tarbiyalashga oʼz istagini bildirgan fuqarolar Tutingan ota-onalarni tayyorlash oʼquv kurslarida oʼqitildi. Mazkur “Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari” ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni oilaga joylashtirish hamda oilaviy bolalar uyilarni ijtimoiy, psixologik hamda pedagogik kuzatib borish uchun zarur imkon yaratadi. Chunki mazkur kurslar yordamida tutingan ota-onalar malakali mutaxassis, ijtimoiy soha mutaxassislari bilan toʼgʼridan-toʼgʼri aloqa oʼrnatib, bolani oilaga qabul qilish  jarayonidan  tortib,  to  oila aʼzolarining hamda oilaning yangi aʼzosining bir-birlariga, yangi munosabatlarga, yangi ijtimoiy hayotga moslashib, oilada ruhiy sogʼlom muhitni yaratish kabi masalalarda oʼz bilim, koʼnikma va malakalarini egallash imkoniyatiga ega boʼladilar. Xususan, oʼquv kursini oʼqitishdan koʼzlangan maqsad – yetim va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini tanlashda tutingan ota-onalarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash; oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sogʼlomlashtirish boʼyicha tutingan ota-onalarning kasbiy bilimlari, qobiliyatlari va koʼnikmalarini oshirish; oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olish tizimini takomillashtirishga oid nazariy bilim, koʼnikma hamda amaliy tajriba, malakalarini oshirishga moʼljallangan. Oʼquv kursi mashgʼulotlarini boshlashdan avval fuqarolarning emotsional ruhiy barqarorlik darajalarini aniqlashga qaratilgan psixologik tashxislash ishlari amalga oshirildi. Ushbu tashxislash ishlaridan muvaffaqiyatli natijaga ega boʼlgan fuqarolar oʼquv kursida oʼqish imkoniyatini qoʼlga kiritdilar.Jamoat xavfsizligi universiteti Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan Tutingan ota-onalarni tayyorlash oʼquv dasturi Oilaviy bolalar uyi faoliyati va oilaga olinayotgan bolaning xususiyatlarini inobatga olgan holda 72 soatga moʼljallab ishlab chiqildi. Dastur 6 ta boʼlim, 18 mavzudan iborat boʼlib, unda tashkiliy masalalar, yetim bolalar va ota-onasining qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni ijtimoiy, psixologik, tibbiy jihatdan oʼrganish masalalari, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish, ijtimoiy-psixologik, pedagogik koʼmaklashish, tutingan ota-onalarning kompetentsiyalari, oilani boshqarish va uning moliyaviy taʼminoti masalalari qamrab olingan. PQ-345-sonli Qarorining 3-bandida tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini tashkil etish jarayoniga malakali, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish vazifalari belgilangan. Ushbu vazifani ijrosi yuzasidan Toshkent shahrida YUNISEFning Oʼzbekistondagi vakillari, Bolalar himoyasi dasturi boshligʼi Аntoniya Lyudeke bilan uchrashuv tafsilotlari va bola huquqlarini taʼminlash sohasidagi milliy va xalqaro meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, bolani oiladagi ijtimoiy moslashuv bosqichlari, bolalarga nisbatan zoʼravonlik va zarar yetkazish xatarlarini oldini olish yoʼllari masalalariga bagʼishlangan dars mashgʼulotining videodarslari namoyish etildi. Ushbu oʼquv kursi soʼnggida oʼzlashtirilgan bilimlarni sarhisob qilish maqsadida ushbu tinglovchilardan yakuniy imtihonlar olindi. Imtihonlar 2 bosqichda amalga oshirildi. 1 bosqichda tutingan ota-onalar oʼquv kursi davomida professor-oʼqituvchilar tomonidan oʼqitilgan oʼquv darslari asosida shakllantirilgan test topshirdilar. Ushbu testlarni muvaffaqiyatli topshirganlaridan soʼng, 2-bosqichda bolalarni ijtimoiy himoyalash masalalariga bagʼishlab tayyorlab kelingan amaliy tadqiqot shaklidagi taqdimotini bayon qilib berdilar. Bugun Qashqadaryo viloyati xokimligining katta zalida oʼquv kursini muvaffaqiyatli bitirgan 25 nafar tutingan ota-onalarga tantanali ravishda sertifikatlar topishirildi. Ushbu marosimda Milliy gvardiya qoʼmondoni oʼrinbosari S.Mamayusupov, Qashqadaryo viloyati Bolalarni himoya qilish shoʼʼba mudiri I.Karimova, Milliy gvardiyaning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshligʼi U.Аzimov, Xalq taʼlimi boshqarmasi masʼullari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, fuqarolarni Tutingan ota-onalarni tayyorlash oʼquv kursini muvaffaqiyatli yakunlaganlari bilan tabrikladilar hamda kelgusidagi faoliyatlarida ularga bildirilgan ishonchni oqlashlariga, fidoiy mehnat olib borishlariga tilaklar bildirdilar.  Tadbir soʼnggida ishtirokchilar esdalik uchun rasmga tushdilar.

744
Chop etish
Text to speech