Stipendiyalar

Stipendiyalarni tayinlash va ularga beriladigan imtiyozlar

      O'zbekiston Respublikasi Prezidentning "Respublika oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug'ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qo'llab-quvvatlash to'g'risida" 2021 yil 9 sentyabrdagi PF-6309-son Farmonini xamda Vazirlar Mahkamasining "O'zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag'batlantirish to'g'risida" 2008 yil 13-oktyabrdagi 226-son qaroriga asosan.      O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori, ijrochi direktori)ning talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirishi uchun asos hisoblanadi. Stipendiyalar 1-sentabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qat’iy rioya qilgan holda tayinlanadi.      O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida g‘olib bo‘lgan talabalarga O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan tasdiqlangan quyidagi guvohnomalardan biri beriladi:
  • “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi sohibi”;
  • “Beruniy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Ibn Sino nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Navoiy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Ulug‘bek nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Islom Karimov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “To‘lepbergen Qaipbergenov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyasining sohibi”.
Guvohnomalar talabalarning o‘qish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatgandan so‘ng ikki yil mobaynida, nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadilar.       Oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarida butun o‘qishi davomida faqat a’lo baholarga o‘qiyotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan oxirgi kurs talabalariga tayinlanadi va to‘lanadi.       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalari har bir oliy ta’lim muassasasining bakalavriat bosqichidagi bir nafar bitiruvchi kurs talabasiga tayinlanadi va to‘lanadi.       Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari (keyingi o‘rinlarda — nomli davlat stipendiyalari) O‘zbekiston Respublikasidagi davlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarining oxirgi ikki kursida o‘qiyotgan talabalarga tayinlanadi va to‘lanadi.       To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarining oxirgi ikki kursida o‘qiyotgan talabalarga tayinlanadi va to‘lanadi. Bunda, ushbu nomli davlat stipendiyalari soni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi har bir oliy ta’lim muassasasi uchun To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari bo‘yicha alohida bittadan belgilanadi.       Kelgusi o‘quv yili uchun nomli davlat stipendiyalari soni joriy o‘quv yili oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.       Bunda, O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ularning filiallari bo‘yicha davlat stipendiyalari soni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq har yili tasdiqlanadigan tanlov yo‘nalishlari va talabalar sonidan kelib chiqib taqsimlanadi.       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarga quyidagi talablar belgilanadi:   a) nomli davlat stipendiyalari uchun:       a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;       yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;       O‘zbekiston tarixini bilish;       tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish. Bunda, talabgorlar ushbu tillar bo‘yicha o‘z bilimlari darajasini aniqlash uchun o‘qish joyidagi til kafedralarida maxsus suhbatdan o‘tadilar;   b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi uchun mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan talablarga qo‘shimcha ravishda o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mavzuda kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (maqola, tezis yoki asarlar)ning mavjudligi talab etiladi.  

Tanlovlarni o'tkazish

       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzodlarni ko‘rsatish oliy ta’lim muassasalari kengashlari tomonidan, talabgorlarning o‘quv va ilmiy faoliyatini ommaviy muhokama qilish asosida amalga oshiriladi.        O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun oliy ta’lim muassasasi kengashiga quyidagilarni taqdim qiladilar:
  • sinov daftarchasidan ko‘chirma;
  • dekanat va kafedraning tavsiyanomasi;
  • ilmiy (ijodiy) ish rahbarining tavsiyanomasi;
  • ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari;
  • tillar kafedrasi, tarix kafedrasining suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomalari.
      Barcha hujjatlar jildga (papkaga) joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, kursi, guruhi ko‘rsatiladi.       Oliy ta’lim muassasalari kengashlari talabgorlarni tanlovlarning navbatdagi bosqichiga tavsiya etish bo‘yicha yashirin ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qiladilar.       Ovoz berish jarayonida oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va talabalari ham ishtirok etishi mumkin. Ovoz berish natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan:
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga eng ko‘p ovoz olgan uch nafardan (bunda nomzodlar turli tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha aniqlanishiga urg‘u beriladi);
  • nomli davlat stipendiyalariga ajratilgan har bir kvotaga eng ko‘p ovoz olgan uch nafargacha nomzod tanlovning navbatdagi bosqichiga tavsiya etiladi.
      Oliy ta’lim muassasasi kengashi qaroriga asosan tanlovlarning navbatdagi bosqichiga tavsiya etilgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va tegishli hujjatlar oliy ta’lim muassasasining mas’ul xodimi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “stipendiya.edu.uz” elektron tizimiga har yili 1 — 15-avgust kunlari kiritiladi.       Bunda, nomzodlarning hujjatlarining asliga to‘g‘ri ekanligi hamda “stipendiya.edu.uz” elektron tizimiga o‘z vaqtida va to‘g‘ri kiritilishi bo‘yicha mas’uliyat oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklatiladi.       O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta, har yili 10 — 30-sentabr kunlari ko‘rib chiqadi.       O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga talabgorlar chet tillari, axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida (hududlar bo‘yicha) maxsus test sinovlari topshiradilar. Davlat test markazi test sinovlari natijalari qaydnomalarini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari talabgorlarning ilmiy ishlari, erishgan yutuqlari hamda o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan tanlov komissiyalari qaroriga asosan aniqlanadi.       Tanlov komissiyalarining qabul qilingan qarorlariga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lgan talabalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Text to speech