Joriy yilning 23-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Fuqaroviy-huquqiy fanlar” kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan “Mulk huquqining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya onlayn/offlayn o‘tkazildi. Mazkur respublika ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekistonda tabiiy resurslarga nisbatan mulkchilik masalalarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, mulk huquqini himoya qilishda qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti, mulk dahlsizligining konstitutsiyaviy va fuqaroviy-huquqiy asoslari, uy-joyga nisbatan mulk huquqining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini joriy etish masalalari singari ustuvor vazifalarni ilmiy va amaliy jihatdan tahlil qilishga qaratilgan bir qator ma’ruzalar va chiqishlar havola etildi. Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaliyotchi xodimlari, huquqshunoslar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar, magistrantlar, iqtidorli talabalar va kursantlar ishtirok etishdi. Xususan, huquqshunos olimlardan Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra professori, y.f.d., professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Okyulov Omanbay “Tabiiy resurslarga nisbatan mulkchilik masalalarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari” mavzusida ma’ruza qilgan bо‘lsa, Toshkent shahar sudining sudyasi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Berdiyarov Raxmatjon Tojinorovich “Mulk huquqini himoya qilishda qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti” bо‘yicha chiqish qilib sahadagi muammolarni hal etishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Fuqaroviy-huquqiy fanlar kafedrasi professori, y.f.d., professor Ro‘ziyev Rustam Djabborovich “Mulk dahlsizligining konstitutsiyaviy va fuqaroviy-huquqiy asoslari”, Fuqaroviy-huquqiy fanlar kafedrasi boshlig‘i, y.f.d., professor Choriyev Murod Shokirjonovich “Uy-joyga nisbatan mulk huquqining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari” hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti magistratura tinglovchisi Tleubayev Yerpulat Najimovich “Yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini joriy etish masalalari” haqida qiziqarli va mazmunli ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Konferensiya ishtirokchilarining aksariyati о‘zlarining fikr-mulohazalari bilan munozarada sо‘z oldilar hamda savol-javoblar, qizg‘in muhokamalar jarayonida mavzuga oid kо‘plab muammolarni qonuniy hal etilishi yuzasidan fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish bо‘yicha takliflar ishlab chiqilishi va uni tegishli idoralarga taqdim etilishi kelishib olindi.