Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!

Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!

Navro‘z tabiat uyg‘onishining yorqin ramzi hisoblanadi. Ushbu bahoriy bayram qalblarimizga quvonch bag‘ishlaydi va insonlarni do‘stlikka, mehr-muruvvatga va birdamlikka chorlaydi. Aynan shu munosabat bilan milliy bayram arafasida O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida Navro‘z bayrami umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlandi.  Bu yilgi Navro’z bayrami har qachongidan ham o’zgacha kayfiyat va ko’tarinki ruhda o’tkazildi. Bayram arafasida universitet binosi gullar va sharlar bilan bezatildi. An’anaga ko‘ra, taklif qilingan faxriy mehmonlar, universitet harbiy xizmatchi va xodimlari, 22-sonli Mehribonlik uyi hamda 102-sonli Muruvvat maktab-internati tarbiyalanuvchilari uchun bayram palovi va albatta sumalak tashkil qilindi. Bayramda bolajonlar uchun Kamondan o'q otish, milliy kurash, turnikka tortilish, varrak uchirish, oq terakmi ko’k terak kabi milliy sport o’yinlari tashkil qilindi. Shuningdek, tadbirda kursantlar tomonidan milliy taomimiz bo'lgan Palov hamda go’zal kursant qizlarimiz tomonidan esa bahoriy taomlar hamda salatlar tayyorlash bo’yicha birinchilik musobaqalari o’tkazildi. Shuningdek, bayram munosabati bilan universitet harbiy xizmatchi va xodimlar uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil etildi. Tadbir davomida kursant va talabalar tomonidan milliy kuy-qoʻshiqlar va raqslar ijro etilishi barchaga ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi. Bir so’z bilan aytganda, Navro’z bayrami nafaqat insonlar, oilalar va jamiyat uchun, balki elu elatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik va ahillik g‘oyalarini ulug‘lab, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashi bilan ham g‘oyatda ahamiyatlidir.

490
Chop etish
Text to speech