Maʼlumki, 2023 yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilingan. Oliy taʼlim muassasalarining oʼzaro hamkorligi taʼlim-tarbiya sifatini oshirishning samarali yoʼllaridan biri hisoblanadi. Joriy yilning 18 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining “Tillarni oʼrganish” kafedrasi tomonidan mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darsini Toshkent amaliy fanlar universiteti “Psixologiya” kafedrasi mudiri, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Saodat Melikuziyevna Tuychiyeva olib bordi. Mahorat darsida “Tillarni oʼrganish” kafedrasi professor-oʼqituvchilari amaliy mashqlarni bajarish jarayonida kursantlarning til oʼrganishga boʼlgan qiziqishini oshirish, ichki va tashqi motivatsiyasini kuchaytirish boʼyicha oʼz fikr-mulohazalari bilan oʼrtoqlashdilar. Mashgʼulot davomida S.Tuychiyeva oʼzining boy pedagogik tajribasidan misollar keltirib, oʼquv jarayonining psixologik muhitini yaxshilash, talaba va kursantlarni obyektiv baholash yuzasidan tavsiyalar berdi. Mahorat darsi ishtirokchilarda kuchli taassurot qoldirdi va bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda oʼtkazishga kelishib olindi.