Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʼra, bir yilda sayyoramizda 1,35 million kishi yoʼl-transport hodisasi (YTH) qurboniga aylanmoqda. Jahon bankining hisob-kitoblariga koʼra birgina yevropa ittifoqi davlatlari yalpi ichki mahsulotining 1,5-2,5% (520 mlrd. dollar) yoʼl-transport hodisalari oqibatlarini bartaraf etishga sarflanmoqda. Dunyoda 50 millionga yaqin insonlar turli darajadagi tan-jarohatlarini olishmoqda.
Insonlar oʼlimining sababi boʼyicha yoʼl-transport hodisalari sakkizinchi oʼrinda, 15-29 yoshdagi insonlar oʼlimida esa birinchi oʼrinda bormoqda. Dunyo miqyosida koʼcha va yoʼllarda harakat xavfsizligini taʼminlash boʼyicha bir qancha kontsepsiyalar va dasturlar ishlab chiqilgan.
Mamlakatimizda soʼnggi yillarda yoʼl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish sohasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, koʼrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, insonlar oʼlimga olib kelgan yoʼl-transport hodisalarining soni hali ham yuqori boʼlib, birgina Toshkent shahrining oʼzida 2023 yilning 6 oyida 29 ta piyodalar oʼlimi bilan bogʼliq yoʼl-transport hodisalari sodir etilgan. Ushbu raqamlar avtomobil yoʼllarida inson xavfsizligini taʼminlash kechiktirib boʼlmaydigan vazifalardan biri ekanligini koʼrsatmoqda. Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida 2022 yil 11 fevral kuni oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida yildan yilga avtotransport vositalari va haydovchilar soni koʼpaygani bilan ularning madaniyati, oʼzaro hurmat va bilim-tajribasi pasayib borayotganini, avariyalarning 75 foizini 35 yoshgacha boʼlganlar sodir etganligi va har yili 500 ming kishi haydovchilik guvohnomasi olishi, lekin 25 foizi mashgʼulotlarga qatnashmasligini ochiq tanqid qilib, Oʼzbekistonda haydovchilikka oʼqitish va guvohnoma berish boʼyicha yangi tizim yaratilishini maʼlum qildi. Qoʼyilgan vazifalarni amalga oshirish boʼyicha 2022 yil 4 aprelda “Аvtomobil yoʼllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʼlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-190 sonli Qarori qabul qilindi.
Qarorga koʼra, yoʼl harakati qoidalari asoslarini bolalikdan singdirishni yoʼlga qoʼyish, ushbu amaliyotni maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarida joriy etish; yoʼl harakatini tashkil etishni toʼliq raqamlashtirish, haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy qilgan holda, oʼquv jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5077-sonli Qaroriga muvofiq, 2021-2022 oʼquv yilidan boshlab Jamoat xavfsizligi universitetida yoʼl harakati xavfsizligi sohasida mutaxassislar tayyorlash yoʼlga qoʼyildi. Tayyorlanayotgan kadrlar bilimli, yetuk kasbiy tayyorgarlikka ega boʼlishi oʼta muhim hisoblanib, Universitet professor-oʼqituvchilariga yuksak maʼsuliyat yuklaydi. Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida tashkil etilgan “Piyodalar bilan sodir yetilayotgan yoʼl-transport hodisalari: muammo va yechimlari” mavzusida tashkil etilayotgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasidan koʼzlangan maqsad, yuqorida keltirilgan muammolarni nazariy va amaliy tadqiq qilish, yoʼllarda piyodalar bilan bogʼliq yoʼl-transport hodisalarini kamaytirish va buning uchun innovatsion texnologiyalarni joriy etish kabi muhim vazifalarni hal etishga qaratilgan. Shuningdek, mavjud muammolarni yechishda ilmiy va amaliy yondoshish koʼnikmalarini shakllantirish hamda sohadagi mavjud muammolar boʼyicha yechim va takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Ushbu konferensiyada Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Аkademiyasi, IIV Аkademiyasi, IIV Yoʼl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universieti, Toshkent davlat transport universiteti, FVV Аkademiyasi, Chirchiq oliy harbiy tank qoʼmondonlik-muhandislik bilim yurti, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi vakillari bevosita oʼz ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdilar.
Mavzular yuzasidan professor-oʼqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar hamda yetakchi mutaxassislarning fikrlari eshitilib, sohadagi mavjud muammolarni hal etishga yoʼnaltirilgan zarur ilmiy va amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Konferensiya bahs-munozaralarga boy va qiziqarli tarzda oʼtkazildi.