Diqqat, abiturientlar! Jamoat xavfsizligi universitetiga o'qishga kirish istagini bildirga…

Diqqat, abiturientlar! Jamoat xavfsizligi universitetiga o'qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarga qabul boshl…

Jamoat xavfsizligi universitetiga 2022/2023 o'quv yili uchun o'qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarning hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonlari boshlandi:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi

PQ–5077-son "jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti O'zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi. Shu munosabat bilan universitetda bir qator bakalavriat yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha o'qitish joriy qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil

6 avgustdagi 500-son "O'zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi universitetiga nomzodlarni saralab olish va o'qishga qabul qilish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi universitetining (keyingi o'rinlarda – universitet) bakalavriati kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga hamda magistratura mutaxassisliklarining kunduzgi ta'lim shakliga nomzodlarni saralab olish va o'qishga qabul qilish amalga oshiriladi.

Nizomga muvofiq qabul komissiyasi o'z faoliyatini 1 fevraldan boshlaydi.

Bugungi kunda jamlovchi idoralar tomonidan joriy yilning

1 fevral kunidan universitetning kunduzgi bakalavriat yo'nalishiga o'qishga kirish istagini bildirgan nomzodlardan arizalar (bildirgilar) qabul qilinishi boshlandi. Arizalar (bildirgilar)ni qabul qilish jarayoni joriy yilning 20 mart kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Universitetga o'qishga kirish istagini bildirgan:

fuqarolar ta'lim yo'nalishlaridan kelib chiqqan holda o'zlarining yashash joyidagi mudofaa ishlari bo'yicha bo'limlarga yoki ichki ishlar vazirligi hududiy bo'linmalari (keyingi o'rinlarda – tegishli hududiy organlar)ga ariza bilan, harbiy xizmatchilar (xodimlar) o'zlari xizmat o'tayotgan harbiy qismga (muassasaga) bildirgi bilan murojaat qiladilar.

Qabul qilingan arizalar (bildirgilar) asosida tegishli hududiy organlar hamda harbiy qismlar (muassasalar) tomonidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtiriladi.

Hujjat rasmiylashtirish ta'lim yo'nalishlari bo'yicha quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) mudofaa ishlari bo'yicha bo'limlar orqali:

"Maxsus vazifalarni bajarish qo'shinlarining qo'mondonlik-taktik faoliyati";

"Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta'minlash";

"Xavfsizlikni huquqiy ta'minlash";

"Xalqaro harbiy hamkorlikni huquqiy ta'minlash";

"Iqtisodiy xavfsizlik";

"Aniqlash va qo'riqlash tizimlardan foydalanish bo'yicha qo'mondonlik-muhandislik faoliyati";

"Qo'riqlash bo'linmalarining qo'mondonlik-taktik faoliyati".

b) ichki ishlar vazirligi hududiy bo'linmalari orqali:

"Yo'l-patrul xizmatining qo'mondonlik-taktik faoliyati";

"Patrul-post xizmatining qo'mondonlik-taktik faoliyati";

"Pasport tizimini huquqiy ta'minlash".

Universitetga o'qishga kirishni xohlagan nomzodlar tomonidan tegishli hududiy organlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

ariza (bildirgi);

chaqiriluvchining qayd etilganligi to'g'risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi;

tarjimai hol;

anketa;

o'qish, ish yoki xizmatni o'tash joyidan (agar o'qiyotgan, ishlayotgan yoki xizmatni o'tayotgan bo'lsa) tavsifnoma hamda ma'lumotnoma;

3 x 4 sm o'lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 4,5 x 6 sm o'lchamdagi 4 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);

ota-onasining universitetga o'qishga kirishiga rozilik xati;

Universitetga o'qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (asli va nusxasi);

"Xalqaro harbiy hamkorlikni huquqiy ta'minlash" ta'lim yo'nalishiga o'qishga kirishni xohlagan nomzodlar chet tilini bilish darajasi haqidagi xalqaro tan olingan dasturlar – IELTS bo'yicha 5.5 ball

va undan yuqori, TOEFL bo'yicha 72 ball va undan yuqori, TestDaF bo'yicha TDN3 va undan yuqori, DELF B2 va undan yuqori sertifikat yoki davlat namunasidagi V2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo'lganda universitetga o'qishga kirish bo'yicha tanlovda ishtirok etadilar.

Quyidagi hujjatlar tegishli hududiy organlar tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan "elektron hukumat" tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasi orqali so'rab olinadi:

shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

tug'ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;

ma'lumoti to'g'risidagi (umumiy o'rta, o'rta maxsus, boshlang'ich professional, o'rta professional, o'rta maxsus professional) hujjatlar (asli va nusxasi) hamda reyting daftarchasi (baholar tabeli) nusxasi.

Nomzodlar tomonidan hujjatlarni taqdim etishda pasport (identifikasiya ID-kartasi) yoki uning o'rnini bosuvchi hujjat, tug'ilganlik haqida guvohnoma, chaqiriluvchining qayd etilganligi to'g'risidagi guvohnoma yoxud chaqiriluvchining harbiy guvohnomasi shaxsan ko'rsatiladi.

Universitetga o'qishga kirishni xohlagan harbiy xizmatchilar tomonidan o'z xizmat o'tash joyiga yuqorida keltirilgan hujjatlar bilan birga qo'shimcha ravishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

Universitetga o'qishga kirishga tavsiya etish bo'yicha hujjatlar (muddatli harbiy xizmatni o'tayotgan harbiy xizmatchilarga – harbiy bo'linmaning umumiy yig'ilishi bayonnomasidan ko'chirma);

harbiy qismlar (muassasalar) va bo'linmalarning komandirlari (boshliqlari) tomonidan berilgan tavsiyanoma.

Jamlovchi idoralar tomonidan nomzodlar haqidagi ma'lumotlarni to'plash, o'rganish va umumlashtirish, shuningdek, ularning jismoniy tayyorgarligini baholash (bakalavriat ta'lim yo'nalishlari uchun - individual-psixologik xususiyatlari, magistratura mutaxassisliklari uchun – kasbiy tayyorgarlik va chet tili bo'yicha – saralash imtihonlarini olish) va test sinovlarini topshirishga tavsiya etish maqsadida dastlabki saralab olish ishlari tashkil etiladi.

Dastlabki saralab olish davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o'tkaziladi:

hujjatlarni to'plash va o'rganish;

yakka tartibda suhbatlashish;

tibbiy ko'rikdan o'tkazish;

individual-psixologik o'rganish;

umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash.

Hujjatlarni to'plash va o'rganish. Hujjatlarni to'plash va o'rganish, natijalarni tahlil qilish, nomzod to'g'risidagi ma'lumotlarni rejali jamlash va tizimlashtirish, uning ijtimoiy faolligi, siyosiy va huquqiy madaniyati, ma'naviy fazilatlari va kasbiy layoqatini baholash usulini qo'llagan holda har yili 1 fevraldan 31 martga qadar (shu kuni ham) o'tkaziladi.

Yakka tartibda suhbatlashish. Yakka tartibdagi suhbat nomzodlar to'g'risidagi turli ma'lumotlarni (oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining harbiy xizmatga munosabati) aniqlashtirish, ofitser kasbini tanlashining sabablarini aniqlash, ta'lim muassasasidagi o'zlashtirish va xorijiy tillarni egallaganlik darajasini baholash maqsadida o'tkaziladi. Yakka tartibdagi suhbat yoshlar bilan – tegishli hududiy organlar bo'lim boshliqlari tomonidan, harbiy xizmatchilar bilan – harbiy qismlar (muassasalar), bo'linmalarning komandirlari (boshliqlari) tomonidan o'tkaziladi. Bunda yakka tartibdagi suhbat nomzod ariza (bildirgi) bilan murojaat qilgan kundan boshlab 10 kun ichida o'tkaziladi.

Tibbiy ko'rikdan o'tkazish. Birlamchi tibbiy ko'rik faqat yoshlar uchun tegishli hududiy organlar huzuridagi tibbiy komissiyalar tomonidan har yili 1 fevraldan 31 martga qadar (shu kuni ham) o'tkaziladi.

Yakuniy tibbiy ko'rik yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun tegishli hududiy organlar huzuridagi harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan barcha majburiy tashxis-diagnostik tekshiruvlar amalga oshirilgan holda har yili 1 apreldan 20 mayga qadar (shu kuni ham) o'tkaziladi.

Sog'lig'ining holatiga ko'ra universitetda o'qishga yaroqsiz deb topilgan nomzodlar dastlabki saralab olishning keyingi bosqichlariga qo'yilmaydi.

Nomzodlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish ta'lim yo'nalishlari bo'yicha quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

"Maxsus vazifalarni bajarish qo'shinlarining qo'mondonlik-taktik faoliyati", "xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta'minlash", "xavfsizlikni huquqiy ta'minlash", "xalqaro harbiy hamkorlikni huquqiy ta'minlash", "iqtisodiy xavfsizlik", "aniqlash va qo'riqlash tizimlardan foydalanish bo'yicha qo'mondonlik-muhandislik faoliyati", "qo'riqlash bo'linmalarining qo'mondonlik-taktik faoliyati" ta'lim yo'nalishlari uchun – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil

25 dekabrdagi PQ–4076-son qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko'rikdan o'tkazish to'g'risidagi Nizomga muvofiq;

"Yo'l-patrul xizmatining qo'mondonlik-taktik faoliyati", "patrul-post xizmatining qo'mondonlik-taktik faoliyati", "pasport tizimini huquqiy ta'minlash" ta'lim yo'nalishlari uchun – Vazirlar Mahkamasining 2017 yil

26 sentyabrdagi 764-son qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o'tkazish tartibi to'g'risidagi Nizomga muvofiq.

Nomzodlarning antropometrik ko'rsatkichlariga doir mezonlar O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga harbiy xizmat (xizmat)ga qabul qilish talablariga muvofiq tanlangan mutaxassislikka qarab belgilanadi.

Nomzodlar bilan individual-psixologik o'rganish tadbirlari va umumjismoniy tayyorgarligi darajasini baholash qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida, tegishli hududiy organlarida qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan har yili 1 maydan 30 mayga qadar (shu kuni ham) o'tkaziladi.

Dastlabki saralab olishdan muvaffaqiyatli o'tgan va test sinovlarida qatnashishga ruxsat etilgan nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yig'majildlari to'liq rasmiylashtirilgandan keyin tegishli hududiy organlar va harbiy qismlar (muassasalar) tomonidan har yili 10 iyunga qadar qabul komissiyasiga yuboriladi.

Qabul komissiyasi tomonidan test sinovlarida qatnashishga ruxsat etilgan nomzodlar haqidagi ma'lumotlar har yili oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga hujjatlar qabuli boshlangunga qadar Davlat test markaziga taqdim etiladi.

Nomzodlarni universitetga o'qishga qabul qilish Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan test sinovlari natijalari (tanlovdan tashqari va test sinovlarisiz o'qishga kirish huquqiga ega nomzodlar bundan mustasno) asosida amalga oshiriladi.

 

1444
Chop etish
Text to speech