Oʼzbekiston va Xitoy oʼrtasidagi til va madaniyat sohasidagi hamkorlikning rivojlanishi Oʼzbekiston-Xitoy doʼstona munosabatlari uchun mustahkam poydevor boʼlib, samarali hamkorlik manbai boʼlib xizmat qilmoqda. Hozirgi vaqtda Xitoy tili dunyodagi eng keng tarqalgan til hisoblanib, unda 1,4 milliarddan ortiq aholi soʼzlashadi. Shunday qilib, mahalliy Xitoy tilida soʼzlashuvchilar sayyoramizning jami aholisining 18,58 foizini tashkil qiladi. Har yili 20 aprel kuni nishonlanadigan Xitoy Tili kuni - YuNESKO tomonidan 2010 yilda Birlashgan Millatlar tashkilotida taʼsis etilgan boʼlib, ko'p tillilik va madaniy xilma-xillikni rivojlantirishga qaratilgandir. Xitoy tili kunini nishonlash doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan 28 aprel kuni Xitoy tili va madaniyati festivali tashkillashtirildi. Unda Xitoy sanʼati, madaniyati, xattotlik reproduktsiyalari, shuningdek anʼanaviy choy marosimlari, UShU jang sanʼati elementlarining taqdimoti, musiqa va raqs dasturlarining ijrosi namoyish etildi. Tadbirda universitet kursantlari, Xitoy tili va madaniyati ixlosmandlari va bilimdonlari ishtirok etdilar. Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti rektori, yu.f.d.,prof. M.X.Rustambayev hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Konfutsiy Institutining Xitoy tomon direktori prof. Yan Shixu bunday tadbirlar ikki xalq oʼrtasidagi doʼstona munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini, kelajakda oʼzbek-xitoy hamkorlik istiqbollari uchun mustahkam poydevor yaratishini, til oʼrganish esa ikki mamlakat madaniyati va anʼanalari bilan oʼzaro hamkorlik qilish imkoniyatini yaratishini taʼkidladilar. Bugungi Xitoy tili va madaniyati festivali xalqlarimiz oʼrtasidagi koʼp asrlar davomida sinovdan oʼtgan mustahkam doʼstlik rishtalarining yana bir bor tasdigʼiga aylandi. Shubhasiz, bunday tadbirlar va Xitoydagi universitet va tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik Xitoy tilini yaxshi biladigan, Xitoyshunoslik sohasida keng va chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlashni mukamallashtiradi. Bu esa, oʼz navbatida, doʼst mamlakatlarimiz oʼrtasidagi hamkorlikning yangi ufqlarini ochib beradi.