O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida taʼlim dargohini tamomlagan yosh ofitserlarning bitiruviga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi aʼzosi T.Karimov, Xavfsizlik kengashi va hamkor vazirliklar mutasaddi rahbarlari, faxriylar kengashi hamda keng jamoatchilik aʼzolari, shuningdek, bitiruvchilarning ota-onalari hamda yaqinlari ishtirok etishdi.
Tadbirning asosiy qismida Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i bilan bitiruvchilarga “Leytenant” harbiy unvonlari berilganligi eʼlon qilindi hamda ularga diplom va ko‘krak nishonlari topshirildi. So‘ngra yosh leytenantlarning Universitet Jangovar bayrog‘i bilan xayrlashish va tantanali marsh marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Milliy gvardiya Qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev so‘zga chiqib, yosh ofitserlarni universitetni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari hamda ofitser degan sharafli nomga sazovor bo‘lganliklari bilan samimiy muborakbod etib, kelgusidagi faoliyatlarida yuksak masʼuliyat, halollik va kamtarlik fazilatlarini namoyon etishlarini, ona Vatani, xalqi va Prezidentiga bir umr sodiq qolishlarini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Shu bilan bir qatorda, so‘z olgan mehmonlar tomonidan yosh ofitserlarga o‘quv yurtida olgan bilim va ko‘nikmalarini kelgusida amalda samarali qo‘llagan holda, Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan bajarishlari va xalqimizga fidokorona xizmat qilishlariga ishonch bildirildi.
Tadbir davomida Universitet kursantlarining ko‘rgazmali chiqishlari hamda kursant qizlarning bitiruvchilar bilan birgalikda “Vals” raqsini ijro etilishi tadbirga o‘zgacha joziba bag‘ishladi.
Taʼkidlab o‘tish joizki, joriy o‘quv yilida Universitetni 293 nafardan ziyod yosh mutaxassislar muvaffaqiyatli tamomladi. Shulardan, 19 nafari imtiyozli diplom bilan bitirishga muvaffaq bo‘ldi. Safda turgan yosh ofitserlarga o‘tgan davr mobaynida tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan mutaxassisliklar bo‘yicha zamonaviy moddiy-texnik baza asosida taʼlim-tarbiya berildi. Muassasada tahsil olish jarayonida bo‘lajak ofitserlarning yuksak professional tayyorgarlikka, eng ilg‘or innovatsion bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga, xorijiy tillarni o‘rganishlariga alohida ahamiyat berildi. Natijada bitiruvchilarning harbiy bilim va ko‘nikmalari yuksalish bilan birga, ularning qalbida vatanparvarlik, sadoqat va matonat tuyg‘ulari shakllandi.
Vatan himoyasiga otlangan ushbu mard va jasur o‘g‘lonlarga kelgusidagi xizmatlarida ulkan zafarlar tilab qolamiz!