Zahiriddin Muhammad Bobur deganda Hindistonda 332 yil hukm surgan boburiylar sulolasining asoschisi, oʼzbek adabiyotining yirik davlat arbobi, zabardast shoir, bilimdon muarrix, olim, qudratli davlat arbobi, koʼplab muzaffar yurishlarni amalga oshirgan jasur va mohir sarkarda koʼz oʼngimizda gavdalanadi. Yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda, milliy qadriyatlarimizga ehtirom, yurt taraqqiyotiga dahldorlik hissi va mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi oʼziga xos oʼrin tutadi. Barkamol avlod tarbiyasi uchun Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulugʼ ajdodlarimizning hayotiy tajribasi hamda ijodiy merosini oʼrganish, ularning ibratli jihatlarini oʼzlashtirish oldimizda turgan dolzarb vazifalardandir. Shu munosabat bilan 2023 yil 13 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bagʼishlab «Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va merosini oʼrganish: zamonaviy tadqiqotlar va yondashuvlar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy videokonferensiya oʼtkazildi. Ushbu xalqaro konferentsiyaning ilmiy ahamiyati shundaki, unda Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Hindiston, Pokiston kabi davlatlarning yetuk boburshunos – tarixchi olimlari, shuningdek, yurtimizning yetakchi oliy taʼlim va oliy harbiy taʼlim muassasalari olimlari, tadqiqotchilari, professor-oʼqituvchilari, talabalari, kursantlari ham oʼz maʼruzalari va ilmiy maqolalari bilan faol ishtirok etishdi. Oʼylaymizki, muntazam oʼtkazilayotgan bunday xalqaro tadbirlar Bobur ilmiy merosini oʼrganishda tajriba almashish, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda katta ahamiyat kasb etadi.