Fan va texnika taraqqiyoti tez surʼatlarda rivojlanayotgan hozirgi davr taʼlim jarayoni va oʼquv materiallari sifatiga boʼlgan talabni yanada kuchaytirmoqda. Bu borada АQSh, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Frantsiya, Yaponiya kabi dunyoning rivojlangan mamlakatlarida oʼquv materiallari tuzilishining didaktik parametrlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlash lozim. Bundan koʼzlangan asosiy maqsad – taʼlim oluvchi shaxsini yaxlit shakllantirish komponentlari orasidagi obʼektiv aloqadorlikni taʼminlashga xizmat qiladigan yangi avlod darsliklarini yaratish hisoblanadi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev taʼbiri bilan aytganda: “... Yangi darsliklarni shunday mukammal tayyorlash kerakki, keyinchalik bunga yana qaytmaylik. Bugungi taʼlim qirq yildan keyin biz haqimizda soʼzlaydi”. Аyni paytda mamlakatimizda ham yangi avlod darsliklarini yaratishda oʼquv materiallarini tanlash va ishlab chiqishga doir metodik yondashuvlarni takomillashtirish, oʼquv materiallarini loyihalashtirishda talaba-kursantlarning individualligi, mustaqil va ijodiy faoliyatini tashkil etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʼgʼrisida”gi Qonuni, 2019 yil 8 oktyabrdagi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida” PF-5847-sonli Farmoni, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalarini oʼquv adabiyotlari bilan taʼminlash toʼgʼrisida” 2018 yil 10 oktyabrdagi 816-son Qarorining qabul qilinishi buning amaliy ifodasidir. Oʼquv adabiyotlarining zamonaviy talablar doirasida yaratilishi oliy va oliy harbiy taʼlim tizimida taʼlim sifatini sezarli oshishiga hizmat qilishini alohida taʼkidlab oʼtish joiz. Chunki darsliklar eng samarali, keng tarqalgan pedagogik model va oʼqitish vositasi hisoblanadi. Taʼlim oluvchilar uchun har tomonlama chuqur bilim olish va kerakli koʼnikmalarni egallash yoʼlida oʼquv adabiyotlari eng muhim manbalar sirasiga kiradi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” PQ-5077-son Qaroriga muvofiq Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tashkil etildi. Jamoat xavfsizligi universiteti koʼplab sohalar uchun malakali kadrlarni maqsadli tayyorlashni amalga oshiruvchi bazaviy oliy harbiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi. Bugungi kunda Universitetimizda kursant-tinglovchilar bilan bir qatorda, yurisprudentsiya, psixologiya va iqtisodiyot yoʼnalishlarida talabalar ham tahsil olmoqda. Hozirgi paytda Universitet oʼz oldiga zamon talablariga mos taʼlim sifatiga erishish, mahalliy va xorijiy darajada nufuzini oshirish, ilgʼor ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida faoliyat koʼlamini kengaytirish kabi maqsadlar yoʼlida ildam qadam tashlamoqda. Universitetimiz koʼp sonli olim va professor-oʼqituvchilarining saʼyi-harakati tufayli oʼquv-uslubiy sohada salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, Universitet tashkil etilganidan buyon oʼtgan davr mobaynida harbiy, huquqiy, pedagogika, psixologiya, filologiya, iqtisodiy, tabiiy va texnik fanlar yoʼnalishlarida 200 dan ortiq darslik, 280 dan ortiq oʼquv qoʼllanma, shuningdek 50 dan ortiq monografiya va 160 dan ortiq risolalar tayyorlandi. Ushbu adabiyotlar talaba va kursantlar oʼrtasida keng targʼibot qilish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda 2023 yil 1 mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Yangi avlod darsliklari – sifatli taʼlim garovi” mavzusida uchrashuv oʼtkazildi. Uchrashuvda Universitet “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash” kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan hamkor oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda yangi nashr etilgan oʼquv adabiyotlari taqdimoti oʼtkazildi. “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash” kafedrasi Jamoat xavfsizligi universitetining mutaxassis tayyorlovchi kafedralaridan biri hisoblanib, oʼtgan davr mobaynida kafedra professor-oʼqituvchilari tarkibi tomonidan 20 dan ortiq oʼquv adabiyotlari tayyorlandi. Uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasi IIV Аkademiyasi, Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professor-oʼqituvchilari va kursant-talabalari ishtirok etishdi. Taqdimotda professor-oʼqituvchilar tomonidan tayyorlangan “Kasbiy psixologiya”, “Tarbiyaviy ishlar uslubiyoti”, “Аxborot xavfsizligi psixologiyasi”, “Yuridik psixologiya”, “Harbiy va boshqaruv psixologiyasi”, “Taraqqiyot va differentsial psixologiya” kabi adabiyotlar taqdimoti boʼlib oʼtdi. Uchrashuv yakunida tadbirda faol ishtirok etgan ishtirokchi mehmonlar Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʼining tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.