Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida xizmat faoliyatini olib borayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlarini oliy taʼlim muassasalariga kirishlari uchun imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi. Tadbirda soʼz olgan Universitet boshligʼining oʼrinbosari yoshlarning oldindagi maqsadlari sari dadil qadam bosishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini aytib, bunda ulardan faqat ilm egallash talab qilinayotganini alohida taʼkidladi.
Harbiy xizmatchilarning 19 nafar farzandlariga topshirilayotgan ushbu tavsiyanomalar kelajakda Vatan ravnaqiga hissa qoʼshishni maqsad qilgan yigit-qizlarning orzulariga qoʼshqanot boʼlishi shubhasiz. Ishonchimiz komilki, kelgusi yillarda bu koʼrsatkich soni yanada koʼpayadi. Buning uchun harbiy xizmatchilardan oʼz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, kasbiy mahoratlarini namoyon etish, oʼz xizmat majburiyatlariga astoydil yondoshgan holda xizmat qilishi talab etiladi.
Tadbir davomida soʼzga chiqqanlar harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʼllab-quvvatlanayotganligi va yaratib berilgan imkoniyatlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Tavsiyanoma olgan yoshlarimizga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, oʼz ota-onalariga munosib farzand boʼlishlarini, kelgusida mustaqil vatanimizning porloq kelajagi yoʼlida mehnat qiladigan, mamlakatimiz ravnaqiga hissa qoʼshadigan komil inson boʼlib yetishishlariga umid bildirishdi.