Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Maxsus huquqiy fanlar va harbiy diplomatiya kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD), dotsent Maxsadov Maxsatullo Ismatovich tashabbusi bilan Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 iyundagi 267-son “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib yoshlarda jamiyatning turli tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan bogʼliq boʼlgan davlat xizmati turlarida faollik koʼrsatish, Konstitutsiya va harbiy burchga sadoqatli boʼlish, ularda oʼz yurti va xalqining taqdiri uchun yuksak masʼuliyat hamda javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni mustahkamlash maqsadida 2023 yilning 29 noyabr kuni Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi 79-son umumiy oʼrta taʼlim maktabida “Vatan — ulugʼ, burch — muqaddas!” va «Vatan muqaddas, uni himoya qilish — sharafli burchdir!» gʼoyalari asosida «Milliy armiyamiz chinakam mardlik, fidoyilik va vatanparvarlik maktabi» mavzusida uch avlod uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
Uchrashuvda ushbu maktabda koʼp yillar pedagogik faoliyat olib borib nafaqaga chiqqan pedagog xodimlar, mahalla nuroniylari, ziyolilari va yoshlari, Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi harbiy xizmatchilari va 100 nafardan ortiq oʼquvchilar ishtirok etishdi.
Tadbir Oʼzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ishtirokchilar tomonidan ijro etilishi bilan boshlandi.
Tadbirni birinchi qismini M.I.Maxsadov kirish soʼzi bilan ochib, mazkur uchrashuv avvalombor oʼquvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Vatanni sevish, uni qorachigʼidek asrab avaylash har birimizni burchimiz ekanligi, ustoz va murabbiylarni qadrlash, ular tomonidan berilayotgan turli fanlardan bilimlarni mukammal oʼzlashtirish kelajak uchun poydevor ekanligi, har bir yosh mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida yaratilgan qulayliklardan samarali foydalanib, Vatan ravnaqi va Yurt tinchligi uchun oʼz hissasini qoʼshadigan komil inson boʼlib shakllanishlari lozimligini taʼkidlab oʼtdi.
Tadbir davomida 79-son UOʼT maktabida koʼp yillar pedagogik faoliyat olib borib nafaqaga chiqqan pedagog xodimlarga estalik sovgʼalari topshirildi. Shu bilan birga, yoshlarni bilimli qilib tayyorlashda oʼz kuch va bilimlarini ayamagan, muqaddam vafot etgan ustozlar xotirasiga Qurʼon tilovat qilindi.
Tadbirni ikkinchi qismida oliy toifali vrach-travmatolog, marhum Maxsadov Ismat Ovotovichning yorqin xotirasiga bagʼishlab Maxsadovlar oilasi tomonidan aʼlo baholarga oʼqib, oʼzining xulqi, qobiliyati, intizomi bilan oʼquvchi yoshlarga namuna boʼlib kelayotgan oʼquvchilarni qoʼshimcha ragʼbatlantirish, yoshlarni bilim olishga motivatsiyasini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan “MАXSАDOV ISMАT OTА” stipendiyasining 6 nafar gʼolib oʼquvchilariga diplom va pul mukofotlari ushbu stipendiya taʼsischisi Ibodova Zamira Rajabovna tomonidan topshirildi.
Tadbirni uchinchi qismida oʼquvchilarni kitobxonlikka keng jalb etish maqsadida 79-son UOʼT maktabi kutubxonasiga 23 turdagi 60 dona badiiy, siyosiy, ilmiy va oʼquv adabiyotlari topshirildi.Tadbirni toʼrtinchi qismida Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi Kadrlar va saf qismi boʼlimi boshligʼi, yuridik fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD) Kurbanov Sherzod Muratkobilovich nutq soʼzladi. Shundan soʼng, boshqarma harbiy xizmatchilari tomonidan maxsus avtotransport vositalari, portlovchi moddalarni zararsizlantirish vositalari, oʼq otar qurollar va ularning taktik-texnik xususiyatlari haqida, shuningdek, maxsus vazifalarni bajarishda qidiruv itlaridan foydalanish usullari boʼyicha koʼrgazmali chiqishlar amalga oshirilib, ushbu yoʼnalishda oʼquvchi-yoshlarni qiziqtirgan savollarga harbiy xizmatchi mutaxassislar tomonidan atroflicha tushunchalar berib oʼtildi.
Shu bilan birga, bitiruvchi sinf oʼquvchilariga M.I.Maxsadov tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida taʼlim yoʼnalishlari, ularning xususiyatlari, oʼqishga topshirish va oʼqish tartibi, Universitetda yaratilgan shart-sharoitlar toʼgʼrisida atroflicha maʼlumotlar berib oʼtildi.
Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi Kadrlar va saf qismi boʼlimi boshligʼi, yuridik fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD) Kurbanov Sherzod Muratkobilovich ushbu tadbirni tashkil etishga tashabbus qilgan va mazmunli oʼtkazishga alohida hissa qoʼshgan M.I.Maxsadovni boshqarma boshligʼi nomidan tashakkurnoma bilan taqdirladi.
Tadbir soʼngida bu kabi keng qamrovli tadbirlarni tashkil etilishi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni kelgusida oʼz maqsadlarini aniq belgilashlarida, oʼz ustilarida tinimsiz samarali ishlashlarida, bilim olishga motivatsiyalarini yanada oshirishga muhim omil boʼlib xizmat qilishi nuroniylar, mahalla ziyolilari va pedagog xodimlar tomonidan alohida taʼkidlandi.