Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʼmondonining 2022 yil 26 sentabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʼlinmalaridagi psixolog lavozimidagi harbiy xizmatchi va xodimlar bilan oʼquv kurslarini tashkil etish toʼgʼrisida”gi 64-son Farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 3 oktabridan boshlab Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida Milliy gvardiyasi boʼlinmalaridagi psixolog lavozimidagi harbiy xizmatchi va xodimlarning 144 soatlik malakasini oshirish kursi yoʼlga qoʼyildi.
Malaka oshirish kursi:
- nazariy mashgʼulotlar;
- psixologik treninglar;
- kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish;
- emotsional zoʼriqishlarni bartaraf etish va stresdan chiqarish amaliyoti;
- tinglovchilar bilim darajalarini aniqlash yoʼnalishlarida tashkil etildi.
Nazariy mashgʼulotlar yoʼnalishida amaliyotchi psixologlarning sohaga doir bilimlarini oshirish maqsadida “Omma psixologiyasi” mavzusida nazariy mashgʼulot oʼtkazildi. Mashgʼulot doirasida tinglovchilar omma psixologiyasi uning yuzaga kelishi tarixi, uning namoyondalari, ommaning xarakterli xususiyatlari, ommaning turlari va asosiy belgilari, ommaviy tartibbuzarliklarni bartaraf etishning psixologik mexanizmlari xususida nazariy bilimlar va amaliy koʼnikmalar bilan oʼrtoqlashildi. Mashgʼulot davomida ommaning shaxsga taʼsiri xususida psixologik eksperiment oʼtkazilib, nazariy bilimlar amaliy jihatdan mustahkamlandi. Psixologik treninglar yoʼnalishida amaliyotchi psixologlarning fuqarolar bilan oʼzaro munosabatlarga kirishishi, muomala va muloqot madaniyatini oshirish maqsadida “Telefondagi soʼzlashuv”, “Maʼlumotni soʼzsiz uzatish”, “Doʼstimga xat” mavzularida psixologik treninglar tashkil etildi. Treninglarda amaliyotchi psixologlarni aholi bilan ishlash jarayonida ular bilan muloqot qilish koʼnikma va malakalarini rivojlantirish maqsadlari koʼzlangan. Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yoʼnalishida tinglovchilarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va psixologik bilimlarini oshirish maqsadi qoʼyilib, asar qahramonlarining psixologik qiyofasini yaratish, shaxsning psixologik xususiyatlarini oʼrganishga eʼtibor qaratildi. Bu jarayonda tinlovchilar oʼzlari sevib oʼqigan asarlaridagi qahramonlarining bilish jarayonlari, hissiy-irodaviy sohasi hamda individual oʼziga xosligining aks ettiruvchi “psixologik portret”larni yaratishdilar. Emotsional zoʼriqishlarni bartaraf etish va stresdan chiqarish amaliyoti unversitetda tashkil etilgan “Ruhiy yengillatish xonasi” hamda “Psixologik trening xonasi” singari maxsus oʼquv-trenajer xonalarida tashkil etildi. Mazkur amaliy treninglarda tinglovchilarga ish faoliyatida emotsional zoʼriqishlarni bartaraf etish va stresdan chiqarish amaliy jihatdan koʼrsatib berildi. Mazkur jarayonda tabiiylikka yaqinlashtirilgan maxsus oʼquv-treninglar orqali tinglovchilarda emotsional zoʼriqishlarni bartaraf etish va stresdan chiqarish boʼyicha malakalarini rivojlantirish maqsad qilingan. Tinglovchilar bilim darajalarini aniqlash yoʼnalishida amaliyotchi psixologlarning mavjud bilimlarini aniqlashga qaratilgan nazorat testi oʼtkazildi. Ushbu testini oʼtkazishdan maqsad tinglovchilarning boshlangʼich psixologik bilimlarini aniqlashtirish, ularda uchrayotgan kasbiy faoliyatdagi nazariy va amaliy koʼnikmalarni baholash hamda ular bilan qayta aloqani yoʼlga qoʼyishdan iborat.