Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti 1-bosqich kursantlarini Vatanga qasamyod, “Temurbeklar maktabi” va harbiy musiqa akademik litsey oʼquvchilarini tantanali vaʼdasiga bagʼishlangan marosim boʼlib oʼtdi. Tantanali marosimga Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʼmondoni general-mayor Djurayev Rustam Mirzayevich, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi aʼzolari, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʼrinbosari - Oʼzbekiston Respublikasi harbiy prokurori, Toshkent harbiy prokurori, faxriylar, ota-onalar, taniqli davlat va jamoat arboblari hamda tadbir tafsilotlarini respublikamizning ommaviy axborot vositalarida yoritish maqsadida, muxbir va jurnalistlar tashrif buyurishdi. Dastlab saf maydonida Universitet shaxsiy tarkibi tantanali xizmat kiyimida saf tortishdi. Shundan soʼng saf maydoniga Oʼzbekiston Respublikasi Davlati Bayrogʼi hamda Milliy gvardiya Bayrogʼi tantanali ravishda olib kirildi. Keyin 1-bosqich kursantlari Vatanga qasamyod va Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xizmatiga kirish qasamyodini qabul qildilar. Tantanali tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʼmondoni 1-bosqich kursant va oʼquvchilarni qasamyod qabul qilganliklari bilan qutladi. Soʼngra harbiy orkestr sadolari ostida Oʼzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etildi. Shundan soʼng Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʼmondoni, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi raisi oʼrinbosari, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʼrinbosari - Oʼzbekiston Respublikasi harbiy prokurori va ota-onalar qasamyod qabul qilgan 1-bosqich kursantlarini unutilmas bayram bilan tabriklar ekan, qasamyod har bir vatan himoyachisi uchun muqaddas ekanligini, unga sodiqlik – berilgan vaʼdaga vafo, or-nomusni himoya qilish kabi haqiqiy vatanparvarlarga xos boʼlgan xususiyatlardan biri sanalishini eʼtirof etdi. Shundan soʼng tadbir qatnashchilari eʼtiboriga Universitet kursantlari tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur obrazining badiiy chiqishi, koʼrgazmali qurol guruhi “Qoʼl jangi”, “Maxsus mashqlar” va jang sanʼatining boshqa turlari boʼyicha koʼrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Аlohida harbiy namunali-koʼrgazmali orkestrining chiqishlari ham barchada katta taassurot qoldirdi. Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga oʼqishga qabul qilingan 1-bosqich kursantlarining qasamyodiga bagʼishlangan tantanali marosimdan soʼng, taniqli sanʼatkorlar va Universitet badiiy jamoasi ishtirokida bayram kontserti namoyish etildi.