Mamlakatimizning tinchligi va osoyishtaligiga boʼlgan har qanday tahdidlarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida 2021 yil 15 aprelda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning PQ-5077-sonli “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qaroriga asosan Jamoat xavfsizligi universiteti tashkil etildi. Shu munosabat bilan hozirgi kunda Jamoat xavfsizligi universitetida “Yoʼl patrul xizmatining qoʼmondonlik-taktik faoliyati” taʼlim yoʼnalishi boʼyicha ofitser kadrlar tayyorlanmoqda. “Yoʼl patrul xizmatining qoʼmondonlik-taktik faoliyati” taʼlim yoʼnalishida taʼlim olayotgan kursantlarning nazariy bilimlarni amaliyot bilan bevosita uzviy bogʼliqligini taʼminlash maqsadida joriy yilning 28 sentabr kuni Universitet “Bronetank va avtomobil texnikasi” kafedrasi professor-oʼqituvchilari tashabbusi bilan Toshkent shahar Yoʼl harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda mahorat dars mashgʼuloti tashkil etildi. Mashgʼulotda kursantlarga YPX xodimlari tomonidan chorrahalarda harakatlanishni tartibga solish, YPX xodimining haydovchilar bilan oʼzaro munosabatlaridagi muomala madaniyati va YPX xodimlari tomonidan qoida buzgan haydovchilarga bayonnoma rasmiylashtirish boʼyicha amaliy bilimlar berildi. Аmaliy mashgʼulot davomida kursantlar oʼzlashtirgan nazariy bilimlarini bevosita chorrahalarda amaliy tarzda namoyish qildilar. Tadbir soʼnggida kursantlar soha xodimlaridan oʼzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar. Soha xodimlari bilan kelgusida shunga oʼxshash tadbirlarni koʼproq oʼtkazishga kelishib olindi.