Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 avgustdagi “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-345-sonli Qarorida ota-onasining qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni oilaviy bolalar uyi tashkil qilayotgan yoki oilaga tarbiyaga (patronat, vasiylik, homiylik) olayotgan fuqarolarni tayyorlash dolzarb ahamiyatga ega ekanligi belgilangan. Ushbu Qarorga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetda yangi tashkil etilgan “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan Tutingan ota-onalarni tayyorlash yuzasidan oʼquv kurslari Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2022 yil sentyabrь oyidan 2023 yil avgust oyigacha sayyor dars mashgʼulotlarini tashkil etadilar. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyida 2022 yilning 19-30 dekabr kunlari Toshkent shahrida ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni tarbiyalashga oʼz istagini bildirgan fuqarolar Tutingan ota-onalarni tayyorlash oʼquv kurslarida oʼqitildi. Mazkur “Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari” ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni oilaga joylashtirish hamda oilaviy bolalar uyilarni ijtimoiy, psixologik hamda pedagogik kuzatib borish uchun zarur imkon yaratadi. Chunki mazkur kurslar yordamida tutingan ota-onalar malakali mutaxassis, ijtimoiy soha mutaxassislari bilan toʼgʼridan-toʼgʼri aloqa oʼrnatib, bolani oilaga qabul qilish jarayonidan tortib, oila aʼzolarining hamda oilaning yangi aʼzosining bir-birlariga, yangi munosabatlarga, yangi ijtimoiy hayotga moslashib, oilada ruhiy sogʼlom muhitni yaratish kabi masalalarda oʼz bilim, koʼnikma va malakalarini egallash imkoniyatiga ega boʼladilar. Xususan, oʼquv kursini oʼqitishdan koʼzlangan maqsad – ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini tanlashda tutingan ota-onalarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash; oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sogʼlomlashtirish boʼyicha tutingan ota-onalarning kasbiy bilimlari, qobiliyatlari va koʼnikmalarini oshirish; oila institutini mustahkamlash hamda takomillashtirishga oid nazariy bilim, koʼnikma hamda amaliy tajriba, malakalarini oshirishga moʼljallangan. Oʼquv kursi mashgʼulotlarini boshlashdan avval fuqarolarning emotsional ruhiy barqarorlik darajalarini aniqlashga qaratilgan psixologik tashxislash ishlari amalga oshirildi. Ushbu tashxislash ishlaridan muvaffaqiyatli natijaga ega boʼlgan fuqarolar oʼquv kursida oʼqish imkoniyatini qoʼlga kiritdilar. Jamoat xavfsizligi universiteti Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan Tutingan ota-onalarni tayyorlash oʼquv dasturi Oilaviy bolalar uyi faoliyati va oilaga olinayotgan bolaning xususiyatlarini inobatga olgan holda 72 soatga moʼljallab ishlab chiqildi. Dastur 6 ta modul, 18 mavzudan iborat boʼlib, unda tashkiliy masalalar, ota-onasining qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni ijtimoiy, psixologik, tibbiy jihatdan oʼrganish masalalari, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish, ijtimoiy-psixologik, pedagogik koʼmaklashish, tutingan ota-onalarning kompetentsiyalari, oilani boshqarish va uning moliyaviy taʼminoti masalalari qamrab olingan. PQ-345-sonli Qarorining 3-bandida tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini tashkil etish jarayoniga malakali, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish vazifalari belgilangan. Ushbu vazifani ijrosi yuzasidan Toshkent shahrida YuNISEFning Oʼzbekistondagi vakillari, Bolalar himoyasi dasturi boshligʼi Аntoniya Lyudeke bilan uchrashuv tafsilotlari va bola huquqlarini taʼminlash sohasidagi milliy va xalqaro meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, bolani oiladagi ijtimoiy moslashuv bosqichlari, bolalarga nisbatan zoʼravonlik va zarar yetkazish xatarlarini oldini olish yoʼllari masalalariga bagʼishlangan dars mashgʼulotining videodarslari namoyish etildi. Ushbu oʼquv kursi soʼnggida oʼzlashtirilgan bilimlarni sarhisob qilish maqsadida ushbu tinglovchilardan yakuniy imtihonlar olindi. Imtihonlar 2 bosqichda amalga oshirildi. 1 bosqichda tutingan ota-onalar oʼquv kursi davomida professor-oʼqituvchilar tomonidan oʼqitilgan oʼquv darslari asosida shakllantirilgan test topshirdilar. Ushbu testlarni muvaffaqiyatli topshirganlaridan soʼng, 2-bosqichda bolalarni ijtimoiy himoyalash masalalariga bagʼishlab tayyorlab kelingan amaliy tadqiqot shaklidagi taqdimotini bayon qilib berdilar. Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyi katta zalida oʼquv kursini muvaffaqiyatli bitirgan 13 nafar Tutingan ota-onalarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi. Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi professor-oʼqituvchilari fuqarolarni Tutingan ota-onalarni tayyorlash oʼquv kursini muvaffaqiyatli yakunlaganlari bilan tabrikladilar hamda kelgusidagi faoliyatlarida ularga bildirilgan ishonchni oqlashlariga, fidoyi mehnat olib borishlariga tilaklar bildirdilar. Tadbir soʼnggida ishtirokchilar esdalik uchun rasmga tushdilar.