Tilni asragan – elni asraydi

Tilni asragan – elni asraydi

Joriy yilning 16 sentyabr kuni Jamoat xavfsizligi universiteti Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarni tashkil etish boʼlimi hamda “Tillarni oʼrganish” kafedrasi tomonidan “Tilni asragan – elni asraydi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʼtkazildi. Аnjumanni Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʼining Maʼnaviy va mafkuraviy ishlar boʼyicha oʼrinbosari polkovnik I.Maxmudov kirish soʼzi bilan ochib berdi, ona tilimizning betakrorligi, oʼziga xos jozibaga ega ekanligi hamda yosh avlodning maʼnaviy yuksalishida muhim oʼrin egallashini alohida taʼkidladi. Konferentsiyaga Respublikamizning taniqli tilshunos olimlari taklif etildi. Jumladan, Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yoʼldoshev, Oʼzbekiston Milliy universiteti oʼzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor X.Boltaboyev, Toshkent amaliy fanlar universiteti “Psixologiya” kafedrasi mudiri, dotsent Saodat Toʼychiyevalar oʼzbek xalqi asrlar osha ona tilimizni eʼzozlab kelayotganligi va bugungi kunda ham uni avaylab, asrash borasida muntazam ravishda qator chora-tadbirlar oʼtkazilishi, tilimiz sofligini muhofaza qilish har birimizning burchimiz ekanligi borasida atroflicha fikr yuritdilar.

     Kafedra boshligʼi, mayor А.Xursandov kursantlarning davlat tili va oʼzbek adabiyotiga boʼlgan ishtiyoqlarini yanada rivojlantirib, ular oʼrtasida “Oʼzbek tili va adabiyoti bilimdoni” musobaqalarini tashkil etish takliflari bilan oʼrtoqlashdi. “Til – millat koʼzgusi” mavzusida soʼzga chiqqan kafedra dotsenti F.Umarova ona tilimizga nisbatan boʼlgan eʼtiborni yanada kengaytirish lozimligiga alohida ahamiyat berdi. Kafedra katta oʼqituvchisi S.Аbdullayev “Til sofligini asrashda badiiy asarlarning ahamiyati” borasida oʼz fikrlari bilan oʼrtoqlashdi. Kafedra professor-oʼqituvchilari E.Erkayev, O.Latipov, N.Radjabovlar ham soʼzga chiqib, yosh avlodni ona tilimizga boʼlgan hurmat va ehtiromini yanada oshirish lozimligini aytib, bu borada badiiy adabiyotni koʼproq talqin qilib borish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʼtdilar. Аnjuman Universitetimiz kursantlari hamda yigʼilgan barcha ishtirokchilarda juda katta taassurot qoldirdi.

522
Chop etish
Text to speech