Psixologiya fanlarini о‘qitishda profayling usuli va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foy…

Psixologiya fanlarini о‘qitishda profayling usuli va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanilmoqda

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng kо‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, jamoat xavfsizligiga tahdidlar oshib borayotgan bugungi davr mazkur masalaning naqadar dolzarb ekanligini kо‘rsatmoqda. Yuqoridagi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi tura olishda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi mutaxassis-kadrlarning bilim, kо‘nikma va malakalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan О‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida kursant-tingovchilarning bilim, kо‘nikma va malakalarini rivojlantirishda jamoat xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarning xususiyatlari inobatga olinmoqda. Xususan, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi tomonidan bakalavr va magistratura bosqichi kursant-tinglovchilari uchun psixologiya fanlarini о‘qitishda profayling usulini qo‘llash hamda psixologik bilimlarni o‘zlashtirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi tomonidan Universitet Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda Psixologiya fanlarini о‘qitishda profayling usuli va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish” mavzusida amaliy mahorat tashkil etildi. Mahorat darsida “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi professor-о‘qituvchilari, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” bakalavr yо‘nalishi, “Tarbiyaviy-psixologik ta’minlashning qо‘mondonlik-shtab faoliyati” magistratura mutaxassisligi kursant-tinglovchilari ishtirok etishdi. Dastlab kursant-tinglovchilarga yolg‘onni aniqlashda qo‘llaniladigan yolg‘on detektori (poligraf) uskunasidan xizmat faoliyatida foydalanish hamda uning imkoniyatlari yuzasidan kо‘rgazmali-mahorat darsi о‘tkazilib, poligrafdan foydalanishda e’tibor qaratiladigan muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Poligraf bu – test o‘tkazis vaqtida odam organizmining fiziologik holati haqida ma’lumot olish uchun mo‘ljallangan mahsus uskuna hisoblanadi. Uskunadan jinoyatchi va gumonlanuvchilarni so‘roq qilish, xizmat tekshiruvlarini o‘tkazishda, shuningdek, nomzodlarni saralash, tanlash, lavozimga qo‘yishda foydalanish xizmat faoliyatini samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Poligraf uskunasidan bugungi kunda dunyo va mamlakatimiz maxsus kuch tuzilmalarida keng foydalaniladi va uskunani ishlatishni muayyan talablari mavjud va ularga qat’iy amal qilish shaxs haqida olingan ma’lumotlarning ishonchliliga bevosita ta’sir kо‘rsatadi. Mahorat darsining ahamiyatli jihati shundaki, bugungi zamonaviy ta’lim standarlariga muvofiq kadrlarni kuchli bilim va ko‘nikma bilan birgalikda amaliy tajribalar bilan qurollanirish maqsadida aynan bo‘lajak ofitserlar(kursant-tinglovchi)larni poligrafda olingan ma’lumotlarni obyektiv psixologik tahlil qilishga o‘rgatishdan iborat bo‘lmoqda. Mahorat darsining keyingi qismida kursant-tinglovchilar bilan “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi professor-о‘qituvchilari tomonidan Psixologik profayling” va “Fanlarni o‘qitishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish” mavzularida ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil etildi. Ma’lumki, bugungi kunda turli sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish borasida shiddatli rivojlanish tendensiyalari kuzatilmoqda. Xususan, oliy ta’limda o‘quv jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish hamda undan foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni sun’iy intellekt texnologiyalaridan faol foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish masalalariga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada, О‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida ham ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qо‘llash borasida ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Xususan, Universitet “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi tomonidan mutaxassislik fanlarini о‘qitishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish choralari kо‘rilmoqda. Sun’iy intellekt yordamida shaxs psixologik portretini yaratish, kognitiv xususiyatlarni о‘rganish, axborot-psixologik xavfsizlikni ta’minlash, psixologik xizmat kо‘rsatish sifatini oshirish, psixologik ma’lumotlarni tahlil qilish masalalari bunga misol sifatida kо‘rsatish mumkin. Mahorat darsining keying “Psixologik profayling” bosqichida “profayling” usulini jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘lajak ofitserlari xususan, psixolog mutaxassislar uchun zarurati, uni qo‘llash bo‘yicha jahon tajribasi va xizmat faoliyatidagi ahamiyati xususida so‘z bordi. Profayling bu– shaxsning tashqi koʻrinishi, noverbal, verbal va paraverbal hatti-harakatlariga ko‘ra, “hozir va shu yerda” tamoyili asosida amalga oshirilishi mimkin bo‘lgan jinoiy xatti-harakatlarni oldindan baholash imkoniyatini beruvchi usul hisoblanadi. Bunda xulqdagi eng koʻp axborot beruvchi maxsus belgilar, xususiyatlar tahlil qilinishi asosida shaxs xatti-harakatlarini baholash va bashorat qilish imkoniyati yuqori hisoblanadi. Mahorat darsining yakunlovchi qismida huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etishga shubhali shaxslarni aniqlashda profayling usulidan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulot tashkil etilib, kursant-tinglovchilar mazkur mavzu yuzasidan immitatsion harakatlarni bajarib kо‘rishdi. О‘tkazilgan mahorat darsi va amaliy mashg‘ulotlar kursant-tinglovchilarning psixologiya fanlarini о‘qitishda profayling usuli va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga doir ham nazariy, ham amaliy bilim, kо‘nik hamda malakalarining yanada oshishiga xizmat qilganligi bilan ahamiyatli bо‘ldi.

183
Chop etish
Text to speech