Jahon tarixida oʼchmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda maʼlum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida oʼringa ega. Mustaqillik davrida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur oʼrganish, uning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targʼib qilish borasida keng koʼlamli ishlar amalga oshirildi. Shu maʼnoda Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida joriy yilning 7 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash toʼgʼrisida”gi PQ-20-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida universitet magistratura tinglovchilari va kursantlari bilan “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan oʼrni” mavzusida davra suhbati oʼtkazildi. Davra suhbatida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat drama teatri aktrisasi Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan aktrisa Dono Boboxonova va aktyor Shukurjon Sufievlar oʼz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida shoh va shoir, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy merosining milliy va umuminsoniy mohiyati, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi muhim jihatlari, yosh avlodni intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirishdagi ahamiyati va ularni Yangi Oʼzbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan oʼrni va taʼsiri keng yoritildi.