Yil yakunlari oʼtkazildi

Yil yakunlari oʼtkazildi

Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash” kafedrasining 2022 yil yakunlariga bagʼishlangan tahliliy hisobot yigʼilishi oʼtkazildi. Yigʼilishda kafedraning oʼquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yoʼnalishlariga hamda ijrochilik intizomi masalalariga masʼullar tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar va kelgusi yilda bajarilishi lozim boʼlgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot berishdi. Xususan, 2022 yil davomida Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan oʼquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot masalalari hamda meʼyoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlash masalalari yuzasidan yuborilgan 2 ta buyruq, 2 ta farmoyish, 12 ta shoshilinchnoma va koʼrsatma, 4 ta nazorat varaqasi, oliy va oliy harbiy taʼlim muassasalari tomonidan yuborilgan 30 dan ortiq xatlar ijrosi oʼz vaqtida taʼminlanganligi, kafedrada bugungi kunga qadar bildirgi bilan murojaat qilgan 5 nafar mustaqil izlanuvchining tadqiqot ishlari dastlabki muhokamadan oʼtkazilib, tegishli taqrizlar berilganligi, kafedra professor-oʼqituvchilari 20 dan ortiq tadqiqotchilarning ilmiy ishlari himoyalarida taqrizchi va rasmiy opponent sifatida ishtirok etganligi eʼtirof etildi. Bugungi kunda kafedraga biriktirilgan 80 ga yaqin mustaqil izlanuvchilarning monitoringi amalga oshirilayotganligi maʼlum qilindi.

2022 yil davomida kafedra jamoasi ishtirokida “Oʼzbekiston-24” telekanalida 1 marta, “Mening yurtim” telekanali orqali 2 marta, “Madaniyat va maʼrifat” telekanali orqali 2 marta, “Toshkent” telekanali orqali 3 marta, “Yoshlar”, “Oʼzbekiston-24” radiokanallari orqali 5 marta, respublika gazeta va jurnallarida 21 marta chiqishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi. Kafedra jamoasi Universitetning telegramm messenjerida tashkil etilgan kanalida ham faol ishtirok etib, oʼtgan davr mobaynida kanalda kafedra tomonidan 65 marta chiqish amalga oshirildi Taʼlim-tarbiya, pedagogika va psixologiya mavzulariga bagʼishlangan 10 dan ortiq dayjest, Italiya, АQSh, Frantsiya, Singapur va Аngliya kabi rivojlangan davlatlar taʼlim tizimiga bagʼishlangan maʼlumotlar eʼlon qilindi. Tanqidiy ruhda oʼtgan yigʼilishda kafedradagi mavjud kamchiliklar tahlil etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan kelgusi yilda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi. Yigʼilish yakunida ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, ijrochilik intizomini mustahkamlashga munosib hissa qoʼshgan professor-oʼqituvchilar – R.M.Maxmudov, N.I.Xalilova, D.N.Аrzikulov, D.M.Mamatkulovlar tashakkurnoma va esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandilar.

695
Chop etish
Text to speech