Joriy yilning 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida 2022 yilda amalga oshirilgan ilmiy va innovatsion ishlarning yakunlari hamda yangi 2023 yil uchun ilmiy ishlarni rejalashtirish masalalariga bag‘ishlangan “Ilm-fan va innovatsiyalar kuni” nomli tadbir o‘tkazildi. Mazkur tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi markaziy devoni, Jamoat xavfsizligi universiteti, Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan va mintaqaviy o‘quv markazlari, hududiy boshqarmalari, harbiy qism va bo‘linmalarining ilmiy-faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan harbiy xizmatchi va xodimlari faol ishtirok etishdi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi markaziy devoni, taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, hududiy boshqarmalari, harbiy qism va bo‘linmalarining ilmiy-faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan harbiy xizmatchi va xodimlari
tomonidan yaratilgan 50 dan ortiq ilmiy va ratsionalizatorlik ishlanmalari namoyish etilgan bo‘lsa, quvonarlisi, shulardan
30 dan ortiq ilmiy va ratsionalizatorlik ishlanmalari O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari va Iqtidorli kursantlari tomonidan yaratilganligi Universitetning Ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi yutuqlari dalilidir. Tadbir davomida Milliy gvardiya Ilm-fan va innovatsiyalar qo‘mitasining navbatdagi majlisi, Milliy gvardiya bo‘linmalarida 2022 yil davomida yaratilgan ilmiy, innovatsion va ratsionalizatorlik ishlanmalari hamda o‘quv va ilmiy adabiyotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, Milliy gvardiya tizimida ilmiy va innovatsion faoliyatni tashkil etish va takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining soha bo‘yicha mutaxassislari o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etish barobarida, ilmiy izlanuvchilarni qiziqtirgan bir qator savollarga atroflicha javoblar berdilar. Yaratilgan innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasiga taqdim etilgan tafakkur namunalarining amaliy ahamiyati va texnik yechimlarini yuqori baholadilar.