Barchamizga maʼlumki, bugun biz uchun jonajon Vatanimiz – Oʼzbekiston Respublikasi inson qadri baland boʼlgan jamiyat qurish yoʼlida ildam odimlamoqda. Bunday ezgu maqsadlarga erishishda bilimli va vatanparvar yoshlar asosiy tayanch hamda suyanch boʼlib xizmat qiladi. Shu boisdan, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, davlat ularning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi toʼgʼrisida alohida normalar kiritilmoqda. Eʼtirof etish zarurki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual oʼyinlarga keng jalb qilish borasida koʼplab ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning alohida Qarori asosida poytaxtimizda Intellektual oʼyinlar shaharchasi barpo etilishi, har yili aprelь oyida «Intellektual haftalik» tadbirini tizimli ravishda oʼtkazib borish, «Zakovat» stipendiyasini taʼsis etish belgilandi. Jumladan, «Intellektual haftalik» oliy taʼlim muassasalarining talabalari oʼrtasida intellektual sogʼlom raqobatni yuzaga keltirish, talaba-yoshlarning bilimga boʼlgan intilishlarini qoʼllab-quvvatlash va ragʼbatlantirish maqsadida tashkil qilinadi. Аynan shu maqsadlar doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizigi universitetida respublikamizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari talaba-kursantlari oʼrtasida “Psixologiya bilimdoni” intellektal tanlovi oʼtkazildi. Tanlovdan koʼzlangan maqsad – pedagogika va psixologiya yoʼnalishida tahsil oluvchi oliy va oliy harbiy taʼlim muassasalarining talaba-kursantlari oʼrtasida intellektual sogʼlom raqobatni yuzaga keltirish, talaba-kursantlarning bilimga boʼlgan intilishlarini qoʼllab-quvvatlash va ragʼbatlantirish hisoblanadi. Intellektual tanlovda Oʼzbekiston milliy universitetining “Intellekt”, IIV Аkademiyasining “Jasorat”, Qurolli Kuchlar Аkademiyasining “Oʼzbegim”, Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlarining “Renessans”, Maxsus fakulьteti talabalarining “Pozitiv psixologlar” jamoalari “Tanishtiruv”, “Test”, “Krossvord”, “Psixologik muammo va yechimlar” shartlari asosida bellashdilar. Tanlov shartlari malakali professor-oʼqituvchi va ekspertlardan iborat hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi. Uning natijalariga muvofiq jamoalar “Eng faol jamoa”, “Eng pozitiv jamoa”, “Eng ijodkor jamoa”, “Eng zukko jamoa”, “Eng optimist jamoa” nominatsiyalari boʼyicha gʼolib va sovrindor deb topildi. Shuningdek, har bir jamoadan bir nafardan ishtirokchi «Eng faol ishtirokchi» nominatsiyasi boʼyicha hamda tanlovda qatnashgan hamkor oliy taʼlim muassasalari professor-oʼqituvchilari tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Tadbir yakunida kursant-talabalar uchun Jamoat xavfsizligi universiteti badiiy jamoasi va taniqli sanʼatkorlar ishtirokida kontsert dasturi namoyish etildi.