Mehribonlik uyida sumalak sayli

Mehribonlik uyida sumalak sayli

Insoniyat  yaralibdiki,  uning  turmush  tarzida  bayramlar  alohida ahamiyatga ega bo‘lib keladi. Xalqimiz urf-odat va an’analariga xos bo‘lgan ana shunday bayramlardan biri bu Navro‘z bayramidir. Navro‘z bayrami eng qadimiy bayramlardan biri bo‘lib, uning tarixi miloddan avvalgi davrlarga borib taqaladi. Ushbu bayram kunlarida xalqimizning ming yillik go‘zal urf-odatlari, an’analari ro‘yobga chiqadi. Jumladan, umumxalq hasharida mahallalar, ko‘chalar, xiyobonlar va uy-joylar tozalanadi, daraxtlar ekiladi va oqlanadi. Yolg‘iz qariyalar, bemor yotgan kishilar yo‘qlanadi. Sumalak, halim, osh kabi milliy taomlar tayyorlanib, xalqqa tarqatiladi. Kurash va ko‘pkari kabi milliy, qadimiy sport o‘yinlari tashkillashtiriladi. Ana shunday xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi tomonidan A.P.Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyida “Xush kelding Navro‘z!” shiori ostida sumalak sayli uyushtirildi. Tadbirning badiiy qismida tarbiyalanuvchilarga Universitet orkestri, 4-kursantlar batalyoni kursantlaridan iborat “Alvon beretlar” badiiy jamoasi ishtirokida sahna ko‘rinishlari va konsert dasturi namoyish etildi.  Sumalak saylida tarbiyalanuvchilarga doshqozon atrofida Navro‘z bayrami va xalqimizning eng sevimli taomi bo‘lgan sumalakning kelib chiqish tarixi, milliy urf-odat hamda an’analarimiz haqida suhbatlar tashkil etildi. Shuningdek, bayram munosabati bilan turli xil o‘yinlar tashkillashtirildi. Bayram munosabati bilan tayyorlangan sumalak Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va muassasa jamoasiga tortiq qilindi. Tashkillashtirilgan tadbir barchaga ko‘tarinki kayfiyat hamda Navro‘z shukuhini ulashdi!

 

 

 

 

 

 

 

334
Chop etish
Text to speech