Muzeylar ajdodlardan meros boʼlgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazina. Yillar davomida boyib, toʼlib boraveradigan bu xazina faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina boʼlib qolmay, uzoq tarix sahifalaridan soʼzlovchi bebaho kitob hamdir.
Joriy yilning 20 dekabr kuni talabalarning Oʼzbekistonning eng yangi tarixi fani doirasida olingan bilimlarini mustahkamlash maqsadida Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti, t.f.n. N.S.Rasulova Universitet Maxsus fakultet boshligʼining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʼyicha oʼrinbosari mayor B.Z.Buzurxanov bilan hamkorlikda 103,104-guruh talabalari uchun Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga hamda Oʼzbekiston tarixi Davlat muzeyiga ekskursiya uyushtirdilar.
Maʼlumki, Oʼzbekiston tarixi Davlat muzeyi eng yirik ilmiy-maʼrifiy markazlardan hisoblanib, uning jamgʼarmasida 250 minga yaqin eksponat mavjud. Ular orasida numizmatika, arxeologiya, tangashunoslik va etnografiyaga oid koʼplab qimmatli jamlanmalar bor. Oʼzbekiston tarixi Davlat muzeyining ekspozitsiyasi Oʼzbekiston hududida tarixiy-madaniy jarayonlarning eng qadimgi davrlardan boshlab hozirga qadar boʼlgan taraqqiyotini ashyoviy dalillar va tasviriy vositalar orqali namoyish etishga qaratilgandir. Ekskursiya davomida talabalarning mashgʼulotlar davomida olgan bilimlari mustahkamlandi hamda koʼplab yangi maʼlumotlarga ega boʼldilar.