O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi tomonidan O‘rta Osiyoda yangi Renessant to‘lqinini keltirib chiqargan, yangi uyg‘onish davrini boshlab berishga intilgan jadidchilik harakati faoliyati, bugungi kunda yurtimizda bu borada olib borilayotgan yangi ilmiy tadqiqotlar, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda 11-12-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ilgari surilgan teran g‘oyalar va jadidlar faoliyatiga oid qimmatli ma’lumotlarni kursantlarga tushuntirish va yetkazish maqsadida joriy yilning 12-dekabr kuni “Ma’rifat osmoning yulduzlari” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Ilmiy seminar davomida kafedra prosfessor o‘qituvchilarining jadid allomalari faoliyati, ularning ilm-ma’rifat sohasidagi islohotlari, oliy ta’lim tizimini yo‘lga quyishlari, davlatchilik borasidagi g‘oyalari mavzularida ma’ruzalar qilindi. Ilmiy seminarni kafedra boshlig‘i polkovnik A.Tolipov kirish so‘zi bilan ochib berdi, seminarning nazariy qismida kafedra dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, mayor A.A.Sattorov “Munavvar qori Abdurashidxonov – O‘rta Osiyo oliy ta’lim tizimi asoschisi” mavzusida ma’ruza qilib, ilk universitet Turkiston davlat universiteti tashkil qilinishida jadid rahnamosining o‘rni haqida ma’lumotlar berib o‘tdi. Keyingi ma’ruzada kafedra professori, tarix fanlari nomzodi S.Turayeva “O’zbekistonning birinchi professori” nomli ma’ruzasida Abdurauf Fitratning ijodiy va ilmiy faoliyati haqida qimmatli ma’lumotlarni yosh kursantlarga yetkazdi. Kafedra dotsenti, tarix fanlari nomzodi N.S.Rasulova esa bugun yurtimizda jadidchilik faoliyatini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar va Uchunchi Renessans poydevorini yaratishda jadidlar faoliyati, ularning ilmiy merosining ahmiyati haqida ma’ruza qildi. Ilmiy seminar davomida davlatimiz rahbarining xalqaro anjumanga tabrigida ta’kidlangan “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan g‘oya bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimiz xalqlarimizni jaholat va qaloqlikdan olib chiqish, ularni g‘aflat botqog‘idan qutqarishning asosiy yo‘li – bilim va ma’rifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda ekanligi” borasidagi fikr va mulohazalari ham ishtirokchilarga batafsil tushuntirib berildi. Ilmiy seminar so‘ngida mavzu doirasida kursantlarning fikr mulohazalari va savollari tinglandi va ularga javoblar berildi.