Milliy taraqqiyotimizning yangi islohotlar bosqichida xalqchil O'zbekistonni barpo etish jarayonida inson, uning huquq va erkindiklari, uning manfaatlarini himoya qilish amalga oshirilayotgan tub o'zgarishlarning markazida turuvchi eng ustuvor, davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan asosiy masalaga aylandi. Ma'lumki, har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma'naviy hayotida inson huquqi masalasi alohida ahamiyat kasb etib, u demokratik huquqiy davlatning eng muhim belgisi, demokratiyaning talablarini ko'rsatuvchi o'ziga xos o'lchov mezoni hisoblanadi. Shu sababdan, bugungi kunda mamlakatimizda Davlat rahbarining tashabbulari bilan inson huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Shunday qadamlardan biri, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
22 iyundagi "inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi Farmonining qabul qilinishi bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son "2022-2026 yillarga mo'ljallangan yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi farmoniga binoan mamlakatimizda "inson qadri uchun" tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so'zsiz ta'minlashga qaratilgan islohotlar ustuvor yo'nalishlar sifatida belgilanib, unda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish; mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish; adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish; ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish kabi dolzarb vazifalar belgilab berildi. Inson huquqini himoya qilishni yangi pog'onaga ko'tarish maqsadida mamlakatimizda sud-huquq sohasini demokratlashtirish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi tamoyillarini hayotga tadbiq etish, insonparvarlik, adolat, sud xokimiyati mustaqilligini taminlash, sud prosessida tortishuvchilik, "Xabeas korpus" institutini kengaytirish, tergov olib borishda sud nazoratini kuchaytirish kabi jihatlarni inobatga olgan holda 2 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi universitetida "Davlat huquqiy fanlar va inson huquqlari" kafedrasining tashabbusi bilan "Konstitusiya – inson-jamiyat-davlat manfaatlari aks etgan qonun" nomli mavzudagi ilmiy-amaliy konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Mazkur konferentsiyada, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, konstitusiyaviy komissiya a'zosi, yuridik fanlar nomzodi Xusanova Muxtabar Akbarovna - "Oliy Majlis vakolatlarini Konstitusiyaviy jihatdan takomillashtirishning zarurati"; O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Xayitov Xushvaqt Saparboevich - "Konstitusiyaviy islohotlar sharoitida xalqparvar davlat barpo etishning dolzarb masalalari"; Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali huquqbuzarlik profilaktikasini va jamoat xavfsizligini ta'minlash kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Berdiyarov Shuxrat Namazboevich - "Konstitusiya va qonun ustunligi – jamiyatimiz taraqqiyotining garovi"; Bosh prokuratura Akademiyasi Markaz prokurori Berdialiev Sodiqjon Alijonovich - "huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda Konstitusiyaning o'rni" mavzularida o'zlarining keng qamrovli, ilmiy-amaliy jihatga boy bo'lgan ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi. Konferentsiya yakunida Konstitusiyaga doir turli ilmiy-amaliy yondashuvlar bilan bog'liq tegishli fikr va mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirib o'tildi.