Konstitutsiya – adolat tantanasi

Konstitutsiya – adolat tantanasi

Yangi Oʼzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, bu borada aholining keng qatlami, ayniqsa yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini mustahkamlash, faol fuqaroviy pozitsiyasini oshirish hamda Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish boʼyicha takliflar olish maqsadida 2022 yil 15 iyunda Jamoat xavfsizligi universitetida “Konstitutsiyaviy islohotlar — inson shaʼni va qadr-qimmati uchun” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Jamoat xavfsizligi universtiteti boshligʼi, Respublika Konstitutsiyaviy komissiya aʼzosi M.X.Rustambayev, Universitet boshligʼi oʼrinbosari, Konstitutsiyaviy komissiyaning yigʼma-tahliliy guruh rahbari M.M.Mirakulov, Аdolat sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy apparati vakillari, xususan partiya Siyosiy Kengashi raisi B.А.Аbduxalimov, rais oʼrinbosari А.Sh.Raxmonov soʼzga chiqib yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va unda fuqarolarning faol ishtirokiga oid maʼlumotlar berdilar.

Oʼzaro savol-javoblar, munozaralarga boy boʼlgan tadbirda partiya faollari va ilgʼorlarning fikr-mulohazalari tinglanib, davlat va jamiyat taraqqiyotiga daxldor qator takliflari olindi.

Shuningdek, tadbirda partiya faollari tomonidan hech bir huquqiy hujjat «dogma», yaʼni toshga oʼxshab qotib turmaganidek, Konstitutsiya ham mamlakat rivojiga monand ravishda, xalqning manfaatlarini toʼliq koʼzlagan holda takomillashib borishi zarurligi va shundagina Bosh qomus xalqning xohish-irodasini oʼzida toʼlaqonli aks ettira olishi taʼkidlandi. Qolaversa, kun tartibidagi masala partiyaning tashabbuslari va dasturiy maqsad-vazifalariga toʼla mos kelishi aytib oʼtildi.

Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish boʼyicha takliflarni «Mening konstitutsiyam» platformasi qabul qilayotganligi toʼgʼrisida soʼz yuritilib, fuqarolar oʼz fikr-mulohazalarini nafaqat onlayn platformaga balki, mahallalar, xalq deputatlari Kengashlari, 1341 call-markazi, pochta, shu jumladan elektron pochta hamda Telegram maxsus boti — @meningkonstitutsiyam_bot orqali yuborishlari mumkinligi haqida maʼlumotlar berildi.

809
Chop etish
Text to speech