Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 20 may kuni Аdiblar hiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari yuzasidan Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini oʼrganish hamda yoshlar orasida keng targʼib qilish boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga vazifa yuklatilgan edi. Shu munosabat bilan shoh va shoir buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yilligini keng nishonlash maqsadida Jamoat xavfsizligi universiteti tashabbusi bilan poytaxtimizning Аdiblar hiyobonida Bobur haykali oldidan oʼrta asrlar muhitini beruvchi yuzlab tarixiy liboslarda hamda hozirgi davr milliy armiyamiz kuchini koʼrsatuvchi: Jamoat xavfsizligi universiteti ofitser va kursantlari Universitet otliq boʼlinmasi va belgilangan shaxsiy tarkib saf bilan oʼtdi. Shundan soʼng, Universitet rahbariyati tomonidan bayroqdor guruh hamrohligida turkiy adabiyotning eng mashhur vakillaridan biri, oʼzining ijodiy faoliyati va kuchli siyosati bilan dunyo tarixida oʼchmas nom qoldirgan buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga oʼz ehtiromlarini bildirgan holda uning haykali poyiga gulchambar qoʼyildi. Mazkur tadbirda Ichki ishlar akademiyasi tinglovchilari, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari hamda Boburshunos olimlar ishtirok etdi. Tadbir davomida maʼruzachilar tomonidan Boburning ilmiy-maʼnaviy merosi, uning necha asrlarki xalqimiz yuragidan chuqur oʼrin olganligi, maʼnaviy hayotimizdagi katta dasturil amal boʼlib kelayotganligi aytib oʼtildi. Shuningdek, uning dunyo adabiyoti durdonasi hisoblangan “Boburnoma” asari oʼzida juda koʼp maʼnaviy-axloqiy, tarbiyaviy masalalar, vatanparvarlik va yurtga sadoqat tuygʼularini oʼzida mujassam etganligi haqida yigʼilganlarga taʼkidlandi. Tadbir davomida Universitet kursantlari tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyatiga bagʼishlangan badiiy sahna koʼrinishlari, kitoblar taqdimoti oʼtkazildi. Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 20 may kuni Аdiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari yuzasidan "Yoʼlbarsning tugʼilishi" nomli tarixiy badiiy film hamda “Yoʼlbars izidan” nomli tarixiy-hujjatli film Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti va Oʼzbekiston Kinematografiya agentligi hamda “Sintez” kinostudiyasi bilan hamkorlikda tasvirga olingan edi.