Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti (Toshkent oliy harbiy-texnika bil…

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti (Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti, Milliy gvardiya…

Sovet ittifoqining qaroriga binoan Ichki ishlar vazirligining 1980 yil 22 sentyabrdagi buyrugʼi bilan tashkil etildi. Sovet ittifoqi Vazirlar Kengashining qaroriga binoan 1981 yilda Toshkent shahrida Oliy kurslar kompleksi qurilishi boshlandi.

Oliy kurslar kompleksining qurilishida sobiq Ittifoq Ichki ishlar vazirligining Ichki qoʼshinlari Bosh boshqarmasi va Ichki qoʼshinlar siyosiy boshqarmalari roli katta boʼlgan. Qurilish ishlariga bevosita Oliy kurslar boshligʼi, 1960-1980 yillarda 88-konvoy diviziyasini boshqargan general-leytenant B.X.Sirojiddinov rahbarlik qilgan.
Oliy kurslarning asosiy vazifalari Аfgʼoniston Respublikasi uchun yuqori malakali ofitser kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda Sovet Ittifoqi ofitser kadrlarining malakasini oshirishdan iborat edi.

Sovet Ittifoqi Vazirlar Kengashining 1990 yil 15 oktyabrdagi sonli koʼrsatmasiga binoan, Ichki ishlar vazirligi Oliy kurslari (5375 harbiy qism) bazasida tashkil etilib, SSSR IIV Ichki qoʼshinlari Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti deb nomlangan.

Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 10 yanvardagi Farmoni asosida Oʼzbekiston Respublikasi yurisdiktsiyasiga olinib, Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiritilgan. Bilim yurti 1991 yili ilk kursantlarni qabul qilib, 1995 yilda dastlabki bitiruvchilarni tayyorlab chiqargan.

Oʼzbekiston Respublikasi IIV Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti: IIV qoʼshinlari va idoralari, Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun yuqori kasb mahoratiga ega boʼlgan mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shugʼullanadigan, mamlakat xavfsizligi vazifalarini samarali bajarishga qodir boʼlgan oliy harbiy taʼlim muassasasi hisoblangan.

Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining qoʼllanish rejalarida oʼquv harbiy qoʼshilmasi va Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining operativ vaziyat keskinlashganda Toshkent mudofaa makonini himoya qilish rejasi doirasida jamoat tartibi va xavfsizligini kuchaytirish, boshqa operativ xizmat vazifalarini bajarish uchun moʼljallangan zahirasi hisoblangan.

Bilim yurtining garnizon xizmatidagi ayrim vazifalari Oʼzbekiston Mudofaa vazirining buyruqlari bilan belgilangan. Bilim yurti oʼzining jangovar bayrogʼiga ega boʼlgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurti – Oʼzbekiston Respublikasi IIV qoʼshinlari va tegishli Ichki ishlar idoralari, shuningdek reja-buyurtmalar asosida boshqa harbiy tuzilmalar va huquqni muhofaza etuvchi idoralar uchun kadrlar tayyorlagan.

2017 yil aprelь oyida Oʼzbekiston Respublikasi IIV Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurti Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5005-son Farmoniga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Harbiy-texnik instituti etib qayta tashkil qilindi.

2017 yil avgust oyida Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etilganidan soʼng, sohaga malakali va professional kadrlarni tayyorlash zaruriyatidan kelib chiqqan holda, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil noyabridagi Qaroriga muvofiq Oʼzbekiston Respublikasi IIV Harbiy-texnik instituti Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tasarrufiga oʼtkazildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5077-son qaroriga muvofiq Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti negizida qayta tashkil etildi.

Universitetga 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab talabalar qabul qilina boshlagan. Bakalavriatda 15, magistraturada 8 yo‘nalish bor. Bugungi kunda bakalavriatda mingdan ortiq kursant, maxsus yo‘nalish, sirtqi taʼlim va magistraturada yana shuncha yoshlar tahsil olmoqda. Ularga jami 209 nafar o‘qituvchi, professor va fan doktorlari yurisprudensiya, iqtisodiyot va psixologiya taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha saboq berib kelmoqda.

Hozirda, Universitet bitiruvchilari Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligining jamoat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda qo‘riqlash tuzilmasi, yo‘l harakati xavfsizligi va pasport tizimi yo‘nalishlari bo‘linmalarida,   shuningdek,  Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun esa harbiy diplomatiya, yurisprudensiya, iqtisodiyot, muhandislik-texnik, tarbiyaviy-psixologik va qo‘mondonlik-taktik faoliyat sohalarida  xizmat qilib kelmoqdalar.

Joriy yilning 29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni  Jamoat xavfsizligi universitetiga tashrif buyurib amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. 

Prezidentimiz ofitser va talabalar bilan muloqotda bo‘lib, dual taʼlimni keng joriy qilish, o‘quv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Hozirda,  Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan  vazifalarning amaliy ijrosi Milliy gvardiya qo‘mondoni nazoratiga olinib,  Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyati boshchiligida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. 

884
Chop etish
Text to speech