Hozirgi globallashuv sharoitida yurtning tinchligi va osoyishtaligiga boʼlgan har qanday tahdidlarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini ilgʼor xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, shuningdek, zamon talablaridan kelib chiqib, yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish nihoyatda dolzarb masala hisoblanadi. Zero, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Bosh Qoʼmondon Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ushbu fikrlarni quyidagicha taʼkidlaydilar: “Bir fikrni hech qachon unutmasligimiz kerak: armiyani moddiy jihatdan barcha zamonaviy zarur texnika va jihozlar, qurol-yarogʼlar bilan taʼminlash mumkin. Аmmo, shaxsiy tarkib maʼnaviy jihatdan zaif boʼlsa, yaʼni, askar va ofitserlarimizda jangovar ruh, Vatanga mehr va sadoqat, uning taqdiri uchun masʼuliyat boʼlmasa yoki ularning oʼrtasida beparvolik hukm sursa, bunday holat nihoyatda noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin”. Shunga koʼra, ayni paytdagi vazifalarni amalga oshirishda soʼnggi yillarda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 iyundagi “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari”gi 267-son Qarorining qabul qilinishi yana bir yordamchi huquqiy asos boʼlib xizmat qilmoqda.
Shunga koʼra, ushbu vazifalarni ijrosiga qaratilgan Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi tashabbusi bilan 2023 yil 21 dekabr kuni “Globallashuv sharoitida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuygʼusini shakllantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʼtkazildi.
Konferensiyani oʼtkazishdan maqsad: yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash «Vatan — ulugʼ, burch — muqaddas!» konseptual gʼoya ostida oʼsib kelayotgan avlodda buyuk tariximiz, azaliy qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʼlish, milliy ruh va gʼururni yuksaltirish, bebaho boylik — tinchlik va osoyishtalikni asrash va himoya qilish zarurligi kabi fazilatlarni shakllantirish, har qanday vaziyatda mamlakat suverenitetini himoya qilishga tayyor turish ruhida tarbiyalash masalalarini Respublikaning yetuk olimlari, yetakchi mutaxassislari ishtirokida muhokama qilish hamda ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
Konferensiyada quyidagi shoʼbalar boʼyicha muhokamalar oʼtkazildi:
1. Yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuygʼusini shakllantirishda davlat siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar.
2. Yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuygʼusini shakllantirishning huquqiy, ijtimoiy, taʼlimiy jihatlari.
3. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik tuygʼusini shakllantirishning xorijiy tajribalari.
4. Yetim va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning pedagogik-psixologik tendensiyalari.
Konferensiyada Respublikaning koʼzga koʼringan olimlari, oliy va oliy harbiy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari va akademiyalarning professor-oʼqituvchi va tadqiqotchilari, kursantlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuygʼusini shakllantirish masalasida olib borilayotgan soʼnggi yillardagi yangi tadqiqotlarni muhokama qildilar.
Konferensiya natijalariga koʼra, ushbu tadbir ishtirokchilarining maqola va tezislari toʼplamini chiqarish rejalashtirilgan boʼlib, unda taʼlim muassasalarida har qanday ogʼir va murakkab vaziyatda Vatanimizni koʼz qorachigʼidek asrash, uning shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bogʼliq eng muhim tushunchalarni, hayotiy va professional koʼnikmalarni ilm-maʼrifat, shuningdek, milliy qadriyatlar asosida yoshlarning qalbi va ongiga ilk bolalik davridan boshlab singdirib borish orqali vatanparvar, sadoqatli hamda shijoatli yoshlarni kamol toptirishga qaratilgan zamonaviy uslubiyotlardan unumli foydalanish boʼyicha tavsiya va takliflar taqdim etiladi.
Konferensiya soʼnggida maʼruzachi va faol ishtirokchilarga tashakkurnomalar berilib, minnatdorchilik bildirildi.
“Globallashuv sharoitida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuygʼusini shakllantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi taʼlim muassasalarida oʼquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish bilan bir qatorda bilim, kasb mahoratini oshirishga, shuningdek, tarbiya sohasi vakillarining pedagogik va ilmiy faoliyatini rivojlantirishga, ayniqsa, professor-oʼqituvchilar tarkibi oʼz vazifalarini chuqur anglashi va oʼqitishda shaxsiy masʼuliyat, fidoyi, vatanparvar, har tomonlama fikrlaydigan yoshlarni zamonaviy yondashuvlardan foydalangan holda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.