Global oʻzgarishlar kechayotgan hozirgi davrda inson hayotiga xavf solayotgan omillar tobora koʻpaymoqda. Shulardan biri – yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq noxush holatlardir. Ommaviy axborot vositalari yoxud internet tarmogʻi orqali deyarli har kuni jahonning turli hududlarida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalari haqidagi xabarlarni eshitamiz. Eng achinarlisi, ularning aksariyati oʻlim bilan yakun topmoqda. Bundan koʻrinib turibdiki, bevaqt oʻlim holatining asosiy sabablaridan biri aynan yoʻllardagi avariyalar boʻlib qolmoqda. Jahon sogʻlikni saqlash tashkiloti ma'lumotiga koʻra, sayyoramiz yoʻllarida har kuni 3,5 mingdan ziyod kishi yoʻl-transport hodisasi qurboniga aylanmoqda. Shulardan 500 nafari maktab oʻquvchilari ekanligi achinarli holatdir. Bu bir yilda 1,3 million kishi, degani. Xalqaro tashkilotning 2021-yil oktyabr oyida Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishida “2021–2030 yillarda yoʻl harakati xavfsizligini ta'minlash boʻyicha oʻn yillik harakat” nomli dasturni hayotga tatbiq etish orqali yoʻl-transport hodisalari orqali halok boʻlish va jarohat olish holatlarini kamida 50 foiz kamaytirish ustuvor maqsad etib belgilandi. Olimlarning hisob-kitobiga koʻra, yoʻl-transport hodisalari keyingi oʻn yillikda yana 13 million insonning oʻlimiga va 500 million kishining jarohat olishiga sabab boʻlishi, bunda, ayniqsa aholisi past va oʻrtacha daromadga ega mamlakatlar koʻproq jabr koʻrishi mumkin. Mamlakatimizda aholi turmush farovonligining yuksalib, shaxsiy transport vositalari sonining sezilarli darajada oshib borayotgani, bir tomondan, yoʻllarda harakat xavfsizligini ta'minlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligini muhofaza qilish masalasiga jiddiy e'tibor qaratishni taqozo etmoqda. Chunki bu borada tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, statistik raqamlar tahlili sohani tubdan takomillashtirish zaruratini kun tartibiga qoʻymoqda. Hammamizga ma'lumki, yoʻl harakati xavfsizligini ta'minlash sohasi turli tashkiliy chora-tadbirlardan tashkil topgan boʻlib, bugungi kunda ularni yaxlit tizimga keltirish, samarali tarzda muvofiqlashtirish va natijada salmoqli ijobiy koʻrsatkichlarga erishish - muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida oʻz yechimini kutayotgan koʻplab tizimli muammolar mavjud ekanligi sir emas. Ana shunday muammolarga yechim topish maqsadida Jamoat xavfsizligi universitetida joriy yilning 31-may kuni “Yoʻl harakati xavfsizligini ta'minlash: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Universitet Jamoat xavfsiziligini ta'minlash kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur ilmiy anjumanda bir qator xalqaro hamkorlar jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Turkiya, Koreya, Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqa davlatlardan soha mutaxassislari hamda oliy ta'lim muassasalarining professor-oʻqituvchilari oʻz ma'ruzalari bilan ishtirok etdi. Yoʻl harakatini samarali tashkil qilish va harakat xavfsizligini ta'minlash uchun yoʻl infratuzilmasini zamonaviy talablarga mos holda rivojlantirib, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish hamda ulardan unumli foydalanish orqali harakat ishtirokchilari xavfsizligi koʻrsatkichlarini yuqori darajaga koʻtarish, tirbandliklarni oldini olish — bugungi kunda oʻta muhim va kechiktirib boʻlmas, eng dolzarb masalalardan biriga aylanganligi anjumanda alohida qayd etildi. Jamoat xavfsizligi universitetida tashkil etilgan mazkur anjuman mohiyati jihatidan yoʻllarda sodir boʻlayotgan baxtsiz hodisalar sonini samarali tarzda kamaytirish, harakat xavfsizligini ta'minlash, faqatgina Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining sa'y-harakatlari bilan amalga oshirib boʻlmaydigan yechimlari birgalikda va shaxsiy mas'uliyat bilan hal etiladigan, ijtimoiy-siyosiy vaziyatga bevosita ta'sir qiladigan, aholining davlatga boʻlgan ishonchi va kayfiyatini belgilaydigan dolzarb soha boʻlib, bu har birimizning ustuvor vazifamiz ekanligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi ilmiy anjuman doirasida bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif hamda tavsiyalar yoʻl harakati xavfsizligini ta'minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish hamda innovatsion yondashuvlarni joriy etish, yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq salbiy holatlarning oldini olish, harakat qatnashchilarining huquqiy madaniyati va bilim tajribasini oshirish, sohani raqamlashtirish, yoʻllar holati va infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha istiqbolli loyihalari ishlab chiqishga, mavjud muammolarning amaliy yechimlari bilan birga, yoʻl harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat organlari, korxona va tashkilotlarning hamkorligini muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.