Bolalar tinch va baxtli hayot kechirishlari shart

Bolalar tinch va baxtli hayot kechirishlari shart

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng begʼubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Аlbatta, bola bu dunyo, bola bu hayot mazmunining ajralmas qismidir. Bolalar oʼz tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga boʼlgan qiziqishni uygʼotadilar. Koʼzlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirgʼoch misoli.

Yozning birinchi kuni dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kelajagimiz egalari uchun turli kontsertlar, koʼrgazmalar, sayillar, sport musobaqalari oʼtkaziladi. Istirohat bogʼlari esa bolalarning tabassumlari bilan goʼyoki moʼʼjizalar dunyosiga aylanadi. Mamlakatimizda ham ushbu bayram har yili dillarda quvonch ila nishonlanadi. Sababi Oʼzbekiston – bolajon yurt, xalqimiz esa azaldan bolajon xalq. Mustaqillikning dastlabki yillarida Oʼzbekiston qoʼshilgan ilk xalqaro shartnomalar qatorida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan soʼng aynan Bola huquqlari toʼgʼrisida konvensiya turishi ham buning yaqqol isbotidir.

Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir. Oʼzbekistonda ham farzandlarimiz ana shunday mehr-muhabbat, ulkan gʼamxoʼrliklar ogʼushida voyaga yetmoqda.

Mustaqillikka erishganimizdan soʼng har tomonlama sogʼlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, avvalo, oila, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish davlatimizning ustuvor vazifasi sifatida belgilab olinib, bu ijtimoiy siyosat darajasiga koʼtarilib kelmoqda. Inson farzandi uchun yashaydi, dilbandlariga umrini baxshida etadi.

Xususan, bugun 1 iyun – “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Bolalar tinch va baxtli hayot kechirishlari shart” deb nomlangan shior ostida Oʼzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida harbiy xizmatchi va ishchi xizmatchilarni farzandlari, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi umumtaʼlim maktablari oʼquvchilari hamda xizmat burchini bajarish chogʼida halok boʼlgan harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun madaniy-xordiq, sport va koʼngilochar tadbirlar oʼtkazildi.

Tadbirda dastlab bolalar harbiy orkestr sadosi ostida, qoʼllariga sharlar ulashilgan holda tantanali kutib olindi. Shundan soʼng ular eʼtiboriga universitet harbiy orkestr va “Аlvon beretlar” jamoasi, qurol bilan koʼrgazmali saf guruhi va qoʼl jangi guruhi tomonidan koʼrgazmali chiqishlar havola etildi.

Tadbirga tashrif buyurgan bolajonlar oʼrtasida qiziqarli shartlar tanlovi, sportning “Shashka”, “Аrmresling”, “Toʼpni havoda koʼp tepish”, “Stol tennisi”, “Аrgʼimchoqda sakrash” va “Gimnastik xalqa aylantirish” turlari boʼyicha musobaqalar oʼtkazilib, gʼoliblar esdalik sovgʼalari va diplom bilan taqdirlandi.

Shundan soʼng bolalar eʼtiboriga harbiy texnikalar, qurol-aslahalar va radioaloqalar, muhandislik va kimyoviy vositalar, xizmat otlari va xizmat itlari koʼrgazmasi namoyish etildi hamda ular uchun universitetning axborot-resurs markazi, kursantlar yotoqxonasi va oshxonasiga sayohat uyushtirilib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar yaqindan tanishtirildi.

Qizgʼin tarzda oʼtgan tadbir bolajonlarga bir olam quvonch ulashdi. Shuningdek, bayramga kelgan barcha bolalar esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandi. Tadbirning yakunida bolajonlar va ularning ota-onalari uchun poytaxtimizning “Gʼalaba bogʼi”ga sayohat amalga oshirildi.

Xulosa qilib aytganda, “Bolalarni himoya qilish kuni” bayramining maqsadi - bolalarning yuzida tabassumni koʼrish, ularning baxti-iqboli, ularning huquqlarini himoya qilishga, baxtli bolalikka ega boʼlishlariga va oʼz mamlakatining toʼla-toʼkis va xotirjam fuqarosi boʼlib oʼsishlariga qaratishdir.

946
Chop etish
Text to speech