O’zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Toshkent Shahar qon quyish markazi bilan hamkorlikda 1-dekabr Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida oʻtkazilgan donorlik aksiyasida koʻplab harbiy xizmatchi va yurtdoshlarimiz saxovatli ishga bosh qoʻshdilar. Donorlar 18 dan 60 yoshgacha boʻlgan sogʻlom insonlardir. Ular tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilib, shifokor tavsiyasiga binoan donorlik qiladilar. Sogʻlom kishi uchun qon topshirish, albatta, xavfsiz shu bilan birga, foydalidir. Har yili ushbu markaz koʻplab ezgu niyatli insonlarni qabul qiladi. Begʻaraz donorlik kimningdir salomatligi, uning hayoti uchun hadya etiladigan bebaho neʼmatdir. Ayniqsa, bolalarning salomatligiga qaratilgan boʻlsa, savob qilishga yana-da kuchliroq undaydi. Davlatimiz tomonidan qon xizmati muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish, qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, keng jamoatchilik orasida begʻaraz donorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Albatta, insonning insonga qon topshirishdek oliy darajadagi hadyasi bo‘lmasa kerak. Bu orqali kimgadir hayot bag‘ishlash – eng savob ishlardan biri sanaladi.