Xalqimiz hayotiuda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish jamoat xavfsizligining muhim omillaridan biri. Shu maqsadda faoliyat olib borayotgan Hukumat komissiyasining joriy yil 28-oktabrdagi 2-son bayoniga asosan 2024-yilning 15-noyabridan 15-dekabriga qadar Respublikamizda «Yong'in xavfsizligi oyligi» o`tkazilishi belgilangan. Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi ham bu muhim tadbirda faol ishtirok etib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo`yicha qator chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan. Mazkur rejaga muvofiq universitet harbiy xizmatchilari, kursantlari, askar va tinglovchilariga yong`in xavfsizligi qoidalari talablariga rioya etish, is gazidan zaharlanishning oldini olish, mabodo shunday noxush holatlarga duch kelinsa, to`g`ri harakat qilish bo`yicha nazariy hamda amaliy tushunchalar berish maqsadida ko`rgazmali o`quv mashg`uloti o`tkazildi. Ko`rgazmali o`quv mashg`ulotini sifatli tashkil etish uchun Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar bo`limining hayot faoliyati xavfsizligi o`quv markazi, Zangiota tumani favqulodda vaziyatlar bo`limi, Zangiota tumangaz bo`limi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ilmiy tadqiqot instituti ekspertiza markazi xodimlari faol ishtirok etdilar. Mutaxassislar dastlab noxush vaziyatlarda to`g`ri harakatlanish yuzasidan nazariy mashg'ulot o`tkazdilar. Bunda universitet shaxsiy tarkibi o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shundan so'ng barcha tadbir ishtirokchilari universitet katta saf maydoniga taklif etildilar. U yerda tadbir mehmonlari o`zlarida bor barcha kuch va texnik vositalarni amalda namoyish etish uchun tayyorlab qo`ygandilar. Darhol amaliy mashg'ulotlar ham boshlanib ketdi. Mutaxassislar shaxsiy tarkib tomonidan berilgan savollarga ham ko'rgazmali jarayonlar vositasida javob qaytardilar. Xulosa: Jamoat xavfsizligi universitetida «Yong`in xavfsizligi oyligi» munosabati bilan o'tkazilgan ushbu tadbir shaxsiy tarkibning zarur bilim va ko`nikmalari shakllanishida muhim omil bo`ldi.