Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2020 yil 20 may kuni poytaxtimizda barpo etilgan Аdiblar xiyoboniga tashrifi davomida 24 ta oliy taʼlim muassasalariga adiblar ijodini oʼrganish boʼyicha alohida vazifalar belgilangan edi. Xususan, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyo tarixida oʼchmas iz qoldirgan Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy merosini oʼrganish Jamoat xavfsizligi universitetiga yuklatilgan edi. Ushbu qisqa vaqt mobaynida Universitet professor-oʼqituvchilari tomonidan Bobur va boburiylarga atab 40 ga yaqin ommabop risolalar, "Bobur buyuk sarkarda va davlat arbobi" nomli ikki tomli yirik asar yaratildi. Shuningdek, Jamoat xavfsizligi universiteti Tillarni oʼrganish kafedrasi professori, DSc Saboxat Xashimova va universitet kursantlari Faxriyor Baxtiyorov, Javohir Rizaqulovlar tomonidan Vatanimizning 24 ta adibiga bagʼishlab yozilgan sheʼrlar toʼplami nashrga tayyorlandi va chop etildi. Toʼplamdagi oʼzbek tilidagi sheʼrlarning ingliz va xitoy tillarida tarjimalari keltirilgan.