Til bilgan dil bilar!

Til bilgan dil bilar!

Joriy yilning 23-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Tillarni o‘rganish” kafedrasi tomonidan oliy harbiy va turdosh oliy ta’lim muassasalari kursant, talaba va tinglovchilari o‘rtasida rus va ingliz tillari bo‘yicha fan olimpiadasi tashkil etildi. Mazkur Olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturi to‘g‘risida 2024-yil 26-fevraldagi PF-37-sonli Farmonida Milliy gvardiyaga yuklatilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi. Fan olimpiadasini o‘tkazishda kursantlarning xorijiy tillarni, jumladan rus va ingliz tillarini o‘rganishga nisbatan qiziqishini oshirish, amaliy nutqiy faoliyatni egallash ehtiyojini rivojlantirish maqsadi ko‘zlandi.

Rus tili bo‘yicha olimpiada 4 turdagi topshiriqdan iborat bo‘ldi:

1)      bayon yozish;

2)      she’rni ifodali o‘qish;

3)      test savollari;

4)      jamoa sardorlari musobaqasi.

Ingliz tili bo‘yicha ham olimpiada ham 4 turdagi topshiriqdan iborat bo‘ldi:

  • bayon yozish;
  • test savollari;
  • gapirish;
  • jamoa sardorlari musobaqasi.

Olimpiadada to‘rtta jamoa ishtirok etdi: O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akadimiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti jamoalari. Har bir jamoa 5 nafar kursantdan iborat bo‘ldi va sinovlarda jami 40 nafar kursant ishtirok etdi.

Har bir topshiriqqa ma’lum vaqt belgilandi. Jamoalarning javoblari respublikamizning oliy harbiy ta’lim muassasalaridan taklif etilgan salohiyatli o‘qituvchilardan tashkil topgan hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Rus tili fani bo‘yicha Olimpiada hakamlar hay’ati raisi etib kafedra dotsenti F.Z.Umarova, ingliz tili bo‘yicha – dotsent N.Rajabov tayinlandi.

Rus tili fani bo‘yicha Olimpiada yakunlariga ko‘ra, “Rus tili grammatikasi bilimdoni” nominatsiyasida Jamoat xavfsizligi universitetining “Gvardiya vatanparvarlari” jamoasi g‘olib bo‘ldi.

Ingliz tili fani bo‘yicha Olimpiada yakunlariga ko‘ra esa, Jamoat xavfsizligi universitetining «Invincibles» jamoasi “Leksika va grammatika bo‘yicha eng kuchli jamoa” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

G‘olib jamoalarga Universitet boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari mayor Zulfiqorov Sherzod Xurramovich tomonidan faxriy yorliqlar hamda ekskluziv kitoblardan iborat esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek Olimpiada hay’ati a’zolariga Universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.

Shu kuni Universitetimizning “Tillarni o‘rganish” kafedrasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akadimiyasining “Tillar” kafedrasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

1863
Chop etish
Text to speech