Ma'lumki, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq 2024 yil 27 oktyabr, yakshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovi boʻlib oʻtadi. Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 24 maydagi “Saylov komissiyalari a'zolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqida”gi qarori ijrosini samarali ta'minlash, saylov jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, saylov komissiyalari a'zolarini oʻqitish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻining birinchi oʻrinbosari yu.f.d., professor, podpolkovnik O.K.Turgʻunov rahbarligidagi bir guruh respublika trenerlar guruhi (kapitan D.Mamarasulov, podpolkovnik Gʻ.Ikmatullayev, podpolkovnik Oʻ.Davletov, mayor X.Olimjonov, kapitan Sh.Axmedov, leytenant M.Mirzaxoʻjayev) Fargʻona viloyatiga biriktirilgan edi.
Mazkur guruh tomonidan 2024 yil 19-21 avgust kunlari Fargʻona shahridagi Oʻzbekiston-Koreya xalqaro universitetida 105 nafar hududiy trenerlar uchun oʻquv-amaliy mashgʻuloti tashkil etildi. Oʻquv-amaliyot mashgʻulotlari barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan 5 ta auditoriyada olib borildi. Oʻquv dasturida belgilangan amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun 2 ta namunaviy saylov uchastkasi tashkil etildi. Oʻquv dasturiga muvofiq mashgʻulotlar Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, yu.f.d., professor podpolkovnik O.K.Turgʻunov, Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari, hududiy shtab rahbari Sh.A.Rahimovlar tomonidan ochib berildi.
Oʻquv-amaliyot mashgʻulotining birinchi kunida “Aralash saylov tizimi va uning oʻziga xos xususiyatlari”, “Saylov komissiyalari tizimi va faoliyatining asosiy jihatlari”, “Saylovda saylovchilarning roʻyxati bilan ishlash”, “Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash va muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish” mavzularida ma'ruza mashgʻuloti, ikkinchi kunida “Uchastka saylov komissiyasining saylov jarayoni boshqa ishtirokchilari (OAV, kuzatuvchilar, jamoat tartibini saqlashga mas'ul idoralar vakillari) bilan hamkorligi”, “Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati”, “Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish va natijalarni belgilash” mavzularida ma'ruza mashgʻuloti, ovoz berish kunidagi jarayonlarni tinglovchilar bilan birgalikda toʻliq sahnalashtirilgan holda “Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati” mavzusida amaliy mashgʻulot oʻtkazildi.
Mashgʻulotning uchinchi kunida “Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati” va “Ovozlarni sanab chiqish va bayonnomani toʻldirish faoliyati” mavzulardagi amaliy mashgʻulotlar tinglovchilar ishtirokida toʻliq sahnalashtirilgan holda tashkil etildi.
Mazkur mashgʻulotlarda ovoz berish kunidagi faoliyatni amaliy-koʻrgazmali tarzda tushuntirishga, ishtirokchilarning rollarini almashtirib bir necha bor sahnalashtirish jarayonini takrorlash orqali yetkazishga, byulletenlarni sanab chiqish hamda bayonnomani rasmiylashtirish tartibini tushuntirishga alohida e'tibor qaratildi.
Oʻquv-amaliyot mashgʻulotlari yakunida tinglovchilardan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazining elektron platformasi orqali test sinovlari qabul qilindi. Test sinovlari natijalariga koʻra 105 nafar tinglovchilar umumiy oʻrtacha hisobda 96,5 foizlik “a'lo” natijani qoʻlga kiritdi.
Tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq 2024 yil 23-24 avgust kunlari tuman (shahar) saylov komissiyasi raisi, rais oʻrinbosari va kotiblari, 26-27 avgust kunlari okrug saylov komissiyasi raisi, rais oʻrinbosari va kotiblari uchun oʻquv-amaliyot mashgʻulotlari oʻtkazilishi nazarda tutilgan.