O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti harbiy xizmatchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan 2024 yil 13-14-may kunlari Namangan viloyati uyushmagan yoshlari ishtirokida “Vatanning sodiq yoshlari” o‘quv yig‘inining navbatdagi soni o‘tkazildi. O‘quv yig‘inining birinchi kuni viloyatning turli tumanlaridan yig‘ilgan uyushmagan yoshlarga harbiy kiyimlar berilib, o‘quv yig‘ini kun tartibi yetkazildi. Yig‘in ishtirokchilari to‘rt guruhga bo‘lingan holda to‘rt o‘quv nuqtalarida mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Dastlab “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida “Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mohiyati”, “Harbiy vatanparvarlik – burch va sadoqat”, “Jadidlar merosi” mavzularida interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazildi. O‘quv yig‘ini ishtirokchilari “O‘q otish tayyorgarligi”, “Ommaviy qirg‘in qirollardan himoyalanish”, “Tog‘ tayyorgarligi” va “Saf tayyorgarligi” kabi o‘quv nuqtalarida mashg‘ulotlarda ishtirok etib, harbiy qurol anjomlar, ommaviy qirg‘in qurollardan himoyalanish, balandlikdan tushush kabi harbiy xizmatning muhim elementlari bilan tanishishdi. Mashg‘ulotlar davomida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ishtirokchilarga harbiylik kasbi mashaqati va sir-u, sinoati, harbiy kasbni tanlash yo‘l-yo'riqlari kabi yoshlar qiziqqan sohalarda ham ma’lumotlar berildi. Yoshlarning aksariyat qismi o‘zi qiziqqan sohalarga va oliygohlarga kirish tartiblari, kasb tanlash sir sinoatlari bo‘yicha ham muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Yoshlarning ayrim sohalarda mavjud muammolari o‘rganilib, amaliy yordam berildi.