Joriy yilning 13-iyun kuni O’zbekiston Milliy kutubxonasida “Yuridik adabiyotlar publish” nashriyotida chop etilgan yuridik fanlar doktori, professor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan yurist Mirzayusup Xakimovich Rustambayevning “Jinoyat kodeksiga sharhlar” 3 qismdan iborat kitobining 5-nashri taqdimoti o’tkazildi.
Aholini qonunchilikning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor qilishning sifatini tubdan oshirish, davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy axborotdan keng koʻlamda foydalanishini ta'minlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida joriy yilning 13-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻi, yuridik fanlar doktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist, professor Mirzayusup Xakimovich Rustambayevning “Jinoyat kodeksiga sharhlar” nomli uch qismdan iborat kitobining 5-nashri taqdimoti oʻtkazildi. "Jinoyat kodeksiga sharhlar" kitobi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga 2024-yil 1-maygacha yangi kiritilgan qoʻshimcha oʻzgartirishlarni inobatga olingan holda tayyorlangan. Unda amaldagi qonun hujjatlari, tergov va sud amaliyoti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi qarorlari asosida jinoyat huquqining umumiy va maxsus qismi masalalari yoritilgan. Yangilik oʻrnida aytish mumkinki, kitobdagi QR-kodlar orqali moddalar sharhida berilgan normativ hujjatlar matni bilan tanishishingiz mumkin. Sharhlarda Jinoyat kodeksining umumiy va maxsus qismi har bir moddasiga alohida-alohida sharh tayyorlangan boʻlib, Jinoyat Kodeksi normalari dispozisiyasining mohiyati, huquq normasida belgilangan jinoyatlarning sub'ekti, sub'ektiv tomoni, ob'ekti, ob'ektiv tomoni belgilarining asosiy jihatlari ochib berilgan, huquq normalarida oʻrnatilgan sanksiyalarning mazmuni, ularni qoʻllash tartibi koʻrsatilgan. Jinoyat kodeksiga sharhlar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, sudyalar, advokatlar, tadqiqotchilar, Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilari, Oliy harbiy ta'lim muassasalarining kursant va tinglovchilariga hamda oliy ta'lim muassasalarining oʻqituvchi, talabalari, shuningdek, jinoyat huquqi va qonunchiligi bilan qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan. Taqdimot marosimida soʻzga chiqqanlar mazkur Sharhlar aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini izchil yetkazish tizimini shakllantirishga, shuningdek, fuqarolar ongida «Jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirish — demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!» degan hayotiy gʻoyani mustahkamlashga, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni singdirish, shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash gʻoyalarini targʻib qilishga, aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishi, mustahkam irodali, oʻz huquqlarini biladigan va qonunlarni hurmat qiladigan, huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qoʻllay oladigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan va huquqbuzarlikka nisbatan murosasiz munosabatda boʻladigan fuqarolarni tarbiyalashga xizmat qilishini alohida ta'kidlashdi.