2024-yil 15-noyabr kuni Jamoat xavfsizligi universitetining “Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish” yo‘nalishida taxsil olayotgan 2-bosqich 393-guruh kursantlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida migratsiya siyosati sohasidagi davlat organlari va mansabdor shaxslarning vakolatlari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. Mahorat darsini O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish kafedrasi boshlig‘i, “Migratsiya huquqi” darsligi muallifi, yu.f.d., dotsent Isoqov Luqmonjon Xolboyevich amalga oshirdi. Mashg‘ulotda Jamoat xavfsizligi universitetining Jamoat xavfsizligini ta’minlash kafedrasi professor-o‘qituvchilari va magistratura tinlovchilari ishtirok etdi. L.X. Isoqov bugungi kunda migratsiya jarayonlari butun dunyo mamlakatlarini qamrab olib, juda muhim va dolzarb masalaga aylanib borayotganini, O‘zbekiston Respublikasi ham yuz berayotgan migratsiya jarayonlarining faol sub’ektlaridan biri ekanligini, Respublikamizda migratsiya siyosati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi natijasida, ko‘plab vatandoshlarimiz xorijiy mamlakatlarda o‘z mehnat faoliyatini samarali davom ettirib kelayotganliklarini, davlat organlari tomonidan fuqarolarimizning xorijiy mamlakatlardagi mehnat faoliyatini tashkil etishning qonuniyligini, xavfsizligini va qulayligini ta’minlash borasida muntazam samarali ishlarni olib borayotganligini e’tirof etdi. Ma’ruzachi migratsiya sohasidagi davlat siyosatini olib borayotgan davlat organlari faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab holatlarni gapirib berdi va kursantlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi. Mashg‘ulot ko‘tarinki ruhda, migratsiyaga oid qiziqarli misollar bilan sermazmun o‘tdi. Mahorat darsi yakunida muallifga Universitet boshlig‘ining tashakkurnomasi topshirildi. L.X. Isoqov ham o‘zining “Migratsiyaning gender jihatlari: xalqaro va milliy tajriba” nomli qo‘llanmasini kafedraga taqdim qildi.