Ma'lumki, joriy yil 14 may kuni Toshkentda qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Mintaqaviy ekspertlar Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 3-4 mart kunlari Toshkentda tashkil etilgan yuqori darajadagi “BMT global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy hamkorligi” xalqaro konferensiyasida ilgari surilgan va xalqaro sheriklar tomonidan keng koʻlamda qoʻllab-quvvatlanayotgan tashabbusi doirasida tashkil etilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari bu vaziyatga javob berishda yetakchilikni oʻz zimmasiga oldi, oʻz fuqarolarini repatriatsiya qilish va reintegratsiya qilish boʻyicha dunyo etakchilariga aylandi. 2024-yil mart oyi holatiga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan uyushtirilgan gumanitar operatsiyalar davomida 2100 dan ortiq odam mintaqaga qaytarilgan. Jumladan, Qozogʻiston Respublikasi 754 nafar, Qirgʻiziston Respublikasi 511 nafar, Tojikiston Respublikasi 334 nafar, Oʻzbekiston Respublikasi 531 nafar fuqarosini vataniga qaytargan. Shuni alohida ta'kidlash joizki, Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib Suriya, Iroq va Afgʻonistondan oʻz fuqarolarini vataniga qaytarishni boshladi. 2019-yil boshidan buyon “Mehr” gumanitar operatsiyasining 5 bosqichi amalga oshirilib, 531 kishi (asosan ayollar va bolalar) vataniga qaytarildi. Ularning jamiyatga toʻliq integratsiyalashuvi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan – ta'lim, tibbiy va ijtimoiy dasturlardan foydalanish imkoniyati ta’minlangan. Ayrim repatriantlarga bepul uy-joy, past foizli kreditlar, shaxsiy biznes uchun jihozlar (mini-novvoyxonalar, kiyim-kechaklarni kesish va tikish uchun mashinalar) hamda ijtimoiy yordam koʻrsatildi. Jahon hamjamiyati Oʻzbekistonning oʻz fuqarolarini mojaro zonalaridan, shu jumladan Iroq va Suriyadan vataniga qaytarish va reintegrasiyasi boʻyicha harakatlarini olqishladi. Bunday sa'y-harakatlarda Oʻzbekiston kabi faollik koʻrsatgan mamlakatlar kam ekani e'tirof etiladi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu sa'y-harakatlar bolalarni jabrlanuvchilar sifatida tan olishga hamda bolalar va ayollar uchun gender masalalari inobatga olingan hamjamiyatlar darajasidagi reintegratsiya dasturlari yordamida ularning shaxsiy manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Yanada muhimi, kuchli texnik yordam koʻrsatish va inson salohiyatini kuchaytirish orqali amalga oshirilgan ushbu sa'y-harakatlar inson huquqlarini amalga oshirish, demokratiyani rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Vataniga qaytib kelgan bolalar, ayollar va oilalarning jamiyatga qaytadan integrasiyalashuvi, bir tomondan, ularning ijtimoiy jihatdan yakkalanib qolishiga barham bersa, ikkinchi tomondan, jamiyatda kambagʻallikni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi. Xususan, 2021-yil 1-iyulda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2026 yillarga moʻljallangan Milliy strategiyasida. Oʻzbekiston terrorizmdan jabrlanganlarga, jumladan repatriantlarga har tomonlama ijtimoiy, huquqiy va moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni davom ettirish koʻzda tutilgan. 2021-yil iyul oyida Jenevada boʻlib oʻtgan BMT Inson huquqlari kengashining 47-sessiyasida xalqaro yigʻilish ishtirokchilari Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan repatriatsiya dasturi fuqarolari Suriya va Iroqdagi lagerlarda qochqin maqomida boʻlgan koʻplab davlatlar uchun namuna boʻlishi mumkinligini ta'kidladilar. Oʻzbekistonda oilaviy qadriyatlar va jamiyatdagi yaqin ijtimoiy munosabatlarga asoslangan oʻziga xos yondashuv qabul qilingan boʻlib, bu “Inson qadri”ni oʻz oʻrniga qoʻyishga xizmat qiladi. BMT Maxsus ma'ruzachisi Fionnuala Ni Aolaynning mamlakatimizga 2021 yil 28 noyabr – 7 dekabr kunlari amalga oshirgan tashrifi davomida, Oʻzbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi sa'y-harakatlarini yuksak baholadi. Alohida ta'kidlash lozimki, F.Ni Aolayn Suriya, Iroq va Afgʻonistondan qaytib kelgan shaxslarning reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi mazkur maskanda oʻz vaqtida “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Maxsus ma'ruzachi, oila birligi va jamiyatning qoʻllab-quvvatlashiga asoslangan oʻzbek modeli repatriatsiya qilish, bolaning manfaatini koʻzlash va siyosiy, huquqiy va ijtimoiy harakatlar markazida oʻchoqli hududlardan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish boʻyicha eng yaxshi amaliyot namunasi ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Qayd etish lozimki, 2023-yil 19-23-iyun kunlari boʻlib oʻtgan BMTning Terrorizmga qarshi kurash oliy haftaligida, “Mehr” operatsiyasi doirasida Yaqin Sharqdagi urush zonalaridan olib tashlangan oʻz fuqarolariga nisbatan insonparvar munosabatda etakchilik qilayotgan Oʻzbekistonga alohida e'tibor qaratildi. Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyoda qaytganlarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiyalash masalalari boʻyicha Mintaqaviy ekspert kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik e'tiboriga etkazish ayni muddao. Boisi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili Reintegratsiya va reabilitatsiya boʻyicha Markaziy Osiyo Mintaqaviy kengashi maqsadi bilan oʻzaro uygʻun va hamohangdir.
Sherzod Xurramovich Zulfiqorov
Universitet boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari