“Millat qaygʻusi” nomli she'riy to'plam va “Jadidlar tomonidan ishlatilgan davlat-huquqiy …

“Millat qaygʻusi” nomli she'riy to'plam va “Jadidlar tomonidan ishlatilgan davlat-huquqiy atamalar terminologiyasi”…

Bugun jadidchilik harakatlariga, ular ilgari surgan gʻoyalarni taranroq anglashga xizmat qilguvchi adabiyotlar soni tobora ortib bormoqda. Yaqinda ular qatoriga yana ikki durdona kitob qoʻshildi. Ulardan biri “Millat qaygʻusi” deya nomlangan. Bu qanday qaygʻu? Savolga javob topish uchun avvalo jadidlar oʻzi kimligini anglamoq lozim. Tan olish kerak, ularning aql-zakovati juda yuksak rivojlangan, Sharq hamda Gʻarb madaniyati, ilmini puxta egallagan xalqimiz vakillari edi. Deyarli barcha jadidlar oliy diniy ta'lim egasi boʻlish bilan birga buyuk mutafakkirlar asarlarini sevib mutolaa qiladigan, ularga izdosh, xalqni ilm ziyosi bilan yoritish harakatida boʻlganlar. Ular ochgan yangi usul maktablari, kutubxonalar, chop etgan darslik va gazetalar, ilk teatr tomoshalari odamlar ongida ma'rifiy inqilob yasayotgandi. Xalq ongining bu qadar jadal rivojlanishi mustabid tuzum siyosatiga toʻgʻri kelmasdi. Shuning uchun xalqning bunday fidoyi farzandlarini qirish boshlandi. Yangi chop etilgan “Millat qaygʻusi” nomli kitobda jadid mutafakkirlariga bagʻishlangan she'rlar jamlangan. Undagi misralarni hayajonsiz oʻqish qiyin.Chunki har biri kitobxonni el-yurt ravnaqi uchun fidoyilikka, Vatanga, xalqqa sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Javonimizdan munosib oʻrin egallaydigan yana bir kitob “Jadidlar tomonidan ishlatilgan davlat-huquqiy atamalar terminologiyasi” deb nomlangan lugʻatdir. Unda jadidlar yashagan davrda koʻplab ishlatilgan biroq hozirgi davrda muomaladan chiqib ketgan soʻzlar, davlat-huquqiy atamalarning mazmun-mohiyati izohlab berilgan. Ushbu lugʻat jadidlar davrida chop etilgan asarlarning keng kitobxonlar ommasiga tushunarli boʻlishiga xizmat qiladi.

374
Chop etish
Text to speech