Vatanparvarlik oyligi doirasida Bakalavriat fakulteti 3-kursantlar bataloni tashabbusi bilan “Milliy armiyamiz - Yangi Oʼzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida joriy yilning 11 yanvar kuni Universitet anjumanlar zalida “Harbiy vatanparvarlik – tinchlik poydevori, sifatli taʼlim taraqqiyot garovi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi raisi Qutbiddin Burxonov, Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʼrinbosari Baxodir Umurzoqov, Oʼzbekiston xalq artisti Erkin Komilov, Jamoat xavfsizligi universiteti rahbariyati hamda professor-oʼqituvchilari va 3-kursantlar bataloni kursantlari ishtirok etishdi. Maʼruzachilar yigʼilganlarga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʼzbekiston xalqiga Murojaaatnomasida tilga olingan eng muhim masalalar yuzasidan fikr bildirib, xususan: eng bebaho oliy neʼmat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetish, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulugʼ boylikni asrab-avaylash; shu maqsadda yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada koʼproq ahamiyat berish; yosh avlodimizni ana shunday barkamol, el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashda biz muhtaram nuroniylarimiz, navqiron avlod vakillariga tayanishimiz lozimligi taʼkidlandi. Tadbir davomida tashrif buyurgan mehmonlarga Universitet kursantlari tomonidan yaratilgan ixtirolar namoish etildi. Tadbir soʼngida maʼruzachi mehmonlarga Universitet boshligʼi polkovnik M.X.Rustambayev tomonidan universitet ramzi aks etgan esdalik sovgʼalari topshirildi.