Adabiyot – odob va ma’naviyat kaliti

Adabiyot – odob va ma’naviyat kaliti

Joriy yilning 1-fevral kuni Jamoat xavfsizligi universiteti maʼnaviyat-maʼrifat markazida “Tillarni o‘rganish” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 3-batalyon kursantlari hamda maxsus fakultetning “Xavfsizlikni huquqiy ta’minlash” ta’lim yo‘nalishi sirtqi va kunduzgi bo‘limlari talabalari bilan “Adabiyot – odob va ma’naviyat kaliti” mavzusida badiiy kecha tashkil etildi. Ma’lumki, badiiy adabiyot axloqiy ko‘rsatmalar, qadriyatlar, vatanparvarlik, olijanoblik va axloqiy poklik manbai bo‘lib xizmat qiladi. Adabiyot qalbni zabt etadi, hissiyotlarni insonparvarlashtiradi, mustaqil fikrlashga o‘rgatadi, yosh avlodning dunyoqarashini shakllantiradi. Mumtoz badiiy adabiyotni o‘qish insonning ma’naviy olamini boyitish va shaxsiy sifatlarini rivojlantirishga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Badiiy adabiyot bizni buyuk ishlarga, yaratishga ilhomlantiradi va hayotiy turtki beradi. Zero, tarixda askarlar vatanparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan she’r va qo‘shiqlarni kuylab janggi kirganlarining ko‘plab misollari mavjud, chunki Vatan haqidagi she‘rlar har doim jangchilarni ilhomlantirgan. Mashhur o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qahhor “adabiyot atomdan kuchli” deb bejiz aytmagan. Universitet kursant va talabalari 2023-yilda o‘z yubileylarini nishonlagan shoir va yozuvchilarni yodga oldilar, ularning asarlaridan parchalar o‘qidilar, sahna ko‘rinishlari namoyish qildilar. Jumladan, o‘tgan yili Eduard Asadov va Rasul Hamzatov tavalludining 100 yilligi, Fyodor Tyutchev va Aleksandr Ostrovskiyning 200 yilligi, A.Pushkinning shoh asarlaridan “Yevgeniy Onegin” she’riy romanining 190 yilligi nishonlandi. Sahnada “Buratino sarguzashtlari”, “Alenkiy svetochek” ertaklaridan parchalar namoyish qilindi. “Buratino sarguzashtlari” Aleksey Tolstoy tomonidan yozilgan bo‘lib, bu qissa 2023-yili 100 yoshni qarshiladi. Buratinodan 40 yil avval uning andozasi bo‘lgan Pinokkio tug‘ilgan”. Italyan yozuvchisi Karlo Kollodining qahramonini deyarli butun dunyo bolalari va hatto kattalar ham taniydilar, yaxshi ko‘radilar. Kursantlar tomonidan ijro etilgan “Oltin kalit” filmining yakunidagi qo‘shiq tadbir ishtirokchilarining olqishiga sabab bo‘ldi. “Alenkiy svetochek” asarining syujeti ham zamonaviy yoshlarga tanish, hatto ular kitobni o‘qimagan va multfilmni tomosha qilmagan bo‘lsalar ham, negaki u “Sohibjamol va mahluq” ertagiga juda o‘xshaydi. Ushbu multfilm o‘zbek tiliga ajoyib aktyorlar tomonidan mohirona dublyaj qilingan, shuning uchun ko‘p bolalar uni yaxshi ko‘radilar. Bunday adabiy kechalarni o‘tkazish har doim dolzarbdir. Adabiyotning roli, ayniqsa, badiiy adabiyot matnlarida muhokama qilinadigan tarixiy ma’lumotlar va faktlarga muhtoj bo‘lgan axborot asrida juda muhimdir. Bu kabi tadbirlar xotirani mustahkamlaydi, miyani rivojlantiradi. Deni Didro to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “Biz badiiy adabiyotni o‘qishni to‘xtatganimizda o‘ylashni to‘xtatamiz”. Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bir paytda, madaniy an’analarni saqlab qolish, adabiyotga, jumladan mumtoz adabiyotga muhabbat va hurmatni tarbiyalash ayniqsa muhimdir. Inson o‘qishdan oladigan zavq - bu beqiyos tuyg‘u. Shuning uchun biz barcha badiiy adabiyot muxlislarini kitob bilan do‘st bo‘lishga, vaqtlarini behuda sarflamaslikka, balki bo‘sh vaqtlarini oqilona tashkil etishga, ko‘proq kitob mutolaa qilishga chaqiramiz. Zero adabiyot ma’rifiy-estetik vazifani bajaribgina qolmay, katta ta’sir kuchiga ega: u barcha xalqlarni birlashtirishga qodir.

 

1139
Chop etish
Text to speech