KONSTITUTSIYA – TARAQQIYOT POYDEVORI

KONSTITUTSIYA – TARAQQIYOT POYDEVORI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 17 oktyabr kunidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi F–53-son Farmoyishi talablaridan kelib chiqib, 2024 yil 30 oktyabr kuni Qibray tumani hududida joylashgan IIV 2-sonli Toshkent akademik liseyida Jamoat xavfsizligi universiteti professor-oʻqituvchilari ishtirokida “Konstitusiya – taraqqiyot poydevori” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirni Akademik lisey direktori podpolkovnik R.Otajonov kirish soʻzi bilan ochib, unda yuqorida qayd etilgan Farmoyishda Konstitusiyamizning oʻttiz ikki yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, asosiy qonunimizda xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish, “Konstitusiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy hamda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni samarali tashkil etishni belgilab berganligini ta'kidlab oʻtdi. Shundan soʻng, raislik qiluvchi Jamoat xavfsizligi universiteti kafedra professori, yu.f.f.d. (PhD) S.Yuldashovga mavzu yuzasidan ma'ruza qilish uchun soʻz berildi. Notiq, oʻz soʻzida “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining mazmun-mohiyati” mavzusi yuzasidan yangi tahrirdagi Konstitusiyani qabul qilinishiga asos boʻlgan omillar, 1992 yilda qabul qilingan fundamental qonun bilan oʻzaro farqli jihatlari, Konstitusiyadagi ayrim normalarning mazmun-mohiyati, asosiy prinsiplari hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklari borasida kiritilgan oʻzgartishlar haqida ma'lumot berdi. Tadbir davomida soʻzga chiqqan yu.f.f.d. (PhD) Sh.Ikramov Konstitusiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish prinsipi, Konstitusiya va qonunning ustuvorligi, “miranda” qoidasi, ta'lim sohasi boʻyicha kiritilgan yangi huquqiy normalar yuzasidan tushuntirish berdi. Shuningdek, t.f.f.d. (PhD), dosent I.Kuldashev va mayor A.Jalolovlar ham yangi tahrirdagi Konstitusiyada qayd etilgan konstitusiyaviy prinsiplar va boshqa yangi kiritilgan normalar yuzasidan fikr bildirdilar. Tadbir jarayonida ishtirokchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollarga ma'ruzachilardan tegishli javoblar olishdi. Tadbir soʻngida lisey direktori R.Otajonov universitet professor-oʻqituvchilariga oʻzi va jamoasi nomidan oʻz minnatdorchiligini bildirib, kelgusida ham oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha fikrlarini bayon etdi. Ushbu tadbir ta'lim muassasasi oʻqituvchi va oʻquvchilarida yangi tahrirdagi Konstitusiyaga nisbatan hurmat ruhi yanada oshishiga xizmat qiladi.

364
Chop etish
Text to speech