Joriy yilning 6 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti magistraturasini tamomlagan tinglovchilarning bitiruviga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Ma'lumki, 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etildi. Oʻtgan qisqa davr ichida Milliy gvardiya tizimida kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi joriy etildi.Milliy gvardiya tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning oʻziga xos amaliyoti yoʻlga qoʻyildi, xususan, 2021 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qaroriga asosan mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligiga boʻlgan har qanday tahdidning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi PQ–5077-son “Jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti negizida Jamoat Xavfsizligi universiteti tashkil etildi. Universitetda kadrlar tayyorlash sifati tubdan takomillashtirilib, mavjud 5 ta ta'lim yoʻnalishi oʻrnida 23 ta ta'lim yoʻnalishi boʻyicha oʻqitish joriy etildi. Jumladan, kunduzgi ta'lim shakli boʻyicha kursantlar safiga 10 ta va umumfuqaroviy asosda 3 ta, sirtqi ta'lim shakliga 2 ta jami boʻlib 15 ta bakalavriat ta'lim yoʻnalishi hamda 5 ta harbiy va 3 ta umumfuqaroviy jami boʻlib 8 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda 2023/2024 oʻquv yili uchun magistraturaga 7 ta mutaxassislik boʻyicha jami 64 nafar tinglovchi va 2 nafar talaba oʻqishga qabul qilindi. Tinglovchilar orasida Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulotda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilar mavjud. Shuningdek, tinglovchilar: 5 ta mutaxassislik boʻyicha “Jamoat xavfsizligini tezkor-taktik ta'minlashning qoʻmondonlik-shtab faoliyati”, “Tarbiyaviy-psixologik ta'minlashning qoʻmondonlik-shtab faoliyati”, “Jamoat xavfsizligini huquqiy ta'minlash”, “Qoʻriqlash faoliyatini ta'minlashning qoʻmondonlik-muhandislik faoliyati”, “Iqtisodiy xavfsizlik” mutaxassisliklari boʻyicha ta'lim olishdi. Jumladan, “Psixologiya" va “Jinoyat qonunchiligini qoʻllash nazariyasi va amaliyoti” mutaxassisliklari boʻyicha magistr talabalar bilim olishdi. Oʻquv jarayoni ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar tomonidan tashkil etildi. Tinglovchilar tomonidan Jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida bugungi kunda dolzarb boʻlgan magistrlik dissertatsiyasi mavzulari boʻyicha izlanishlar olib borildi. Oʻquv yili davomida tinglovchilar har birining kamida 5 ta ilmiy maqola, 5 ta tezislari ilmiy-amaliy respublika va xorij jurnallarida va toʻplamlarda nashr etildi. Mashgʻulotlar asosan amaliyot bilan bogʻlagan holda olib borildi. Xususan, amaliy mashgʻulotlar respublika Oliy sudi, Toshkent shahar va tuman sudlarida, respublika prokuraturasida, IIV kriminalastik poligonlarida, Mudofaa vazirligining harbiy poligonlarida, Milliy gvardiya markaziy devoni va Toshkent shahar va viloyat boshqarmalarida, Milliy gvardiya qoʻriqlash boshqarmasida soha mutaxassislari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu, avvalo, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Milliy gvardiyaga va boshqa kuch tuzilmalariga jamoat xavfsizligini ta'minlash yuzasidan yaratib berilgan imkoniyat va shart-sharoitlar, shuningdek, universitet jamoasining samarali mehnatlari natijasidir. Safda turgan magistratura bitiruvchilariga oʻtgan davr mobaynida tajribali professor-oʻqituvchilar tomonidan mutaxassisliklar boʻyicha zamonaviy moddiy-texnik baza asosida ta'lim-tarbiya berildi. Universitetda tahsil olish jarayonida ularni yuksak professional tayyorgarlikka, eng ilgʻor innovatsion bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishlariga, xorijiy tillarni oʻrganishlariga alohida ahamiyat berildi. Natijada bitiruvchilarning harbiy va huquqiy bilim va koʻnikmalari yuksalish bilan birga, ularning qalbida yanada vatanparvarlik, sadoqat va matonat tuygʻulari shakllandi. Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik Mamayusupov Sarvar Dexkanovich soʻzga chiqib, magistratura tinglovchilarini Universitet magistraturasini tamomlaganliklari, magistr degan sharafli nomga sazovor boʻlganliklari bilan samimiy muborakbod etdi. Soʻngra harbiy orkestr sadolari ostida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etildi. Tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi markaziy devoni, Universitet professor-oʻqituvchilari va magistraturani bitiruvchi tinglovchilar soʻzga chiqib, bitiruvchilarni unutilmas bayram bilan tabriklashdi. Tadbir tafsilotlarini respublikamiz ommaviy axborot vositalarida yoritish maqsadida, muxbir va jurnalistlar tashrif buyurishdi. Mazkur tadbirning barcha ishtirokchilari koʻzlarida quvonch va xursandchilik yaqqol namoyon boʻldi.