Oʻzbekiston Respublikasi kuch tuzilmalari va huquqni muxofaza qiluvchi organlari mutaxassis-kinologlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularning kasbiy mahoratini baholash, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etish, kinologlarni tanlash, amaliy tajriba orttirish, mazkur sohada yuqori natijalarga erishish maqsadida joriy yilning 26-may kuni Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti hududida ilk marotaba Idoralararo mutaxassis-kinologlar oʻrtasida “Xizmat itlari koʻrgazmasi” musobaqasi boʻlib oʻtdi. Mazkur musobaqani Qozogʻiston va Qirgʻiziston Respublikalaridan tashrif buyurgan Xalqaro Politsiya Assosiasiyasi vakillari katta taassurotlar bilan kuzatib borishdi. Unda Milliy gvardiya, Davlat xavfsizligi xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat Bojxona qoʻmitasi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi mutaxassis kinologlari oʻzlariga biriktirilgan xizmat itlari bilan ishtirok etishdi. Musobaqa jarayonlarida mutaxassis-kinologlarning jismoniy tayyorgarligi va kasbiy mahoratlariga, shuningdek eng yaxshi kinologlar hamda ekstremal vaziyatlarda lozim vazifalarni bajarish kabi nominatsiyalar boʻyicha xizmat itlarini tayyorgarlik darajasi baholab borildi. Qiziqarli shartlardan iborat bellashuvlar jarayonlarini Qozogʻiston Respublikasidan tashrif buyurgan xalqaro toifadagi hakam Nina Makelova hakamligida natijalar aniqlandi. Unda ishtirokchilar belgilangan qoidalarga koʻra, ishtirokchilar “Umumiy dressirovka kursi mashqlar” (oʻtir, tur, yonimga, yonimda, joyingda kabi imo-ishora va ovozli buyruqlar berish), “Yordamchiga tegishli buyumning hidi boʻyicha uni tanlash” (mashqni bajarishda hidla, izla buyruqlari) va “Yordamchining buyumini unga tegishli boʻlgan buyumning hidi boʻyicha tanlash” mashqlari boʻyicha vazifalarni yuqori aniqlikda bajarishga harakat qilishdi. Shuningdek, mutaxassis-kinologlar maxsus belgilangan maydonda 50 dan ortiq 3 oylikdan 8 yoshgacha boʻlgan Nemis, Sharqiy-evropa, Oʻrta Osiyo va Belgiya (malinua) ovcharkalari hamda Labrador zotlariga mansub xizmat itlarining koʻrgazmasida zotdorlik darajasi boʻyicha bellashishdi. Bir nechta shartlarni oʻz ichiga olgan ushbu musobaqa barcha ishtirokchilar uchun oʻzaro bilim, malaka va tajriba almashish imkonini berdi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra:
Buyumlarni tanlab topish yoʻnalishida - Milliy gvardiya jamoasi 1-oʻrinni, Favqulotda vaziyatlar vazirligi jamoasi 2-oʻrinni, Milliy gvardiya Qoʻriqlash xizmati jamoasi esa 3-oʻrinni egallashdi.
Odamni topish yoʻnalishi boʻyicha - Favqulotda vaziyatlar vazirligi jamoasi 1-oʻrinni, Milliy gvardiya Qoʻriqlash xizmati jamoasi 2-oʻrinni, Ichki ishlar vazirligi jamoasi 3-oʻrinni qoʻlga kiritishdi.
Umumiy mashq kursi yo’nalishi boʻyicha - Bojxona qoʻmitasi jamoasi
1-oʻrinni, Ichki ishlar vazirligi jamoasi 2-oʻrinni, Milliy gvardiya jamoasi 3-oʻrinni egallashdi.
Kichik va katta yoshli it zotlari boʻyicha koʻrgazmasida Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi 1-oʻringa sazovor boʻlishdi.
Gʻolib jamoalar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan munosib taqdirlandilar.
Mazkur musobaqa Milliy gvardiya, Xalqaro Polisiya Assotsatsiyasi
va Jamoat xavfsizligi universiteti hamkorligida tashkillashtirildi.