Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi Qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida bakalavriat dasturi boʻyicha oʻqitish jarayoni ta'limning sirtqi shaklida ham tashkil etilib, bitiruvchilarga oliy ta'limning tamomlaganligini tasdiqlovchi diplom berilishi koʻzda tutilgan. Aynan mazkur qaror asosida universitetda sirtqi ta'lim shakliga “Xavfsizlikni huquqiy ta'minlash” hamda “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy psixologik ta'minlash” ta'lim yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaldagi harbiy xizmatchilarini xizmatdan ajralmagan holda oʻqitish tizimi joriy etilgan. Joriy yilning 15 may kunidan boshlab universitetning ilk bitiruvchi tinglovchilari uchun Yakuniy davlat attestasiyasi imtixonlari boshlandi. Attestasiya oʻrnatilgan tartib va mezonlar asosida tashkil qilinib, tasdiqlangan komissiya a'zolari tomonidan xorijiy tillar, Oʻzbekistonning eng yangi tarixi hamda mutaxassislik fanlari boʻyicha oʻtkazilmoqda.
Eng muhim jihati shundaki, tinglovchilar uch yillik oʻquv davrida oʻrgangan nazariy va amaliy bilimlari, koʻnikma va malakalarini yana bir bir bor sinovdan oʻtkazishmoqda. Ahamiyatli jihati universitet tinglovchilari oʻqish davomida oʻrgangan tajriba va malakalari ularga kelgusi xizmatlari davomida amaliy koʻmak beradi. Ma'lumot oʻrnida aytish lozimki universitetga sirtqi shaklda tinglovchilarni oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6-avgustdagi 500-sonli qarori asosida tartibga solinib, unda kamida uch yillik harbiy xizmat (xizmati) stajiga ega, yoshi oʻttiz beshdan katta boʻlmagan Milliy gvardiyaning amaldagi harbiy xizmatchi va xodimlari, shuningdek Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlari (xodimlari) qabul qilinishi mumkin. Sirtqi ta'lim shaklida oʻqish muddati oliy ma'lumotga ega boʻlmagan shaxslar uchun toʻrt yil, oliy ma'lumotga ega boʻlgan shaxslar uchun toʻlov-kontrakt asosda uch yilni tashkil etadi. Harbiy xizmatchi va xodimlarning bildirgilariga asosan oʻz xizmat joylari boʻyicha kadr organlari tomonidan nomzodlarning hujjatlarini toʻplash va oʻrganish ishlari har yili 2 maydan 30 mayga qadar tashkil etiladi. Hujjatlarni toʻplash va oʻrganish ishlari yakuni boʻyicha nomzodlarning hujjatlar yigʻmajildi rasmiylashtiriladi.