Yurtimizning 30 foizi baland tog' va tog' oldi maydonlaridan iborat. Shuning uchun tog' sharoitlarida olib boriladigan jangovar o'quv mashg'ulotlar xavfsizligimizni ta'minlashda katta ahamiyatga ega. Milliy gvradiya Jamoat xavfsizligi universitetining bir guruh kursantlari ana shunday mas'uliyatli o'quv mashg'ulotida ishtirok etdilar. "Qish sharoitida tog’li hududlarda jangovar xizmat vazifalarini bajarish" mavzusida olib borilgan amaliy-o'quv mashg'ulotlarda Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetining 3-bosqich kursantlari ishtirok etishdi. Nomidan ham ko`rinib turibdiki, kursantlar qorli tog`ning izg`irinli iqlimida har xil sharoitga moslashish, murakkab daralarda qidiruv-qutqaruv ishlaring olib borish zarur tibbiy yordam ko`rsatish va zamonaviy usulda evakuatsiya qilish ishlarini amalda bajardilar. Shuningdek, chor atrof faqat qordan iborat bo`lgan joyda hayot uchun kurashning ham o`zi bo`lmaydi. Mashg`ulot ishtirokchilari bunga ham yechim topdilar. Kursantlar tog'da xizmat otlaridan foydalanish jarayonlarini ham a'lo darajada bajardilar. Tog`li hududning jangovor vaziyatda eng qiyin sharoitlaridan biri – o`q otish muammosi. Ko`rib turganingizdek, baland qoyalar orasida maxsus taktika asosida bu vazifa ham a`lo darajada bajarildi. Harbiy xizmatchi qoyalar orasida faqat o`q uzishni emas, balki kezi kelganda, real tog` sharoitida tog` anjomlari yordamida malakali alpinistlardek tik qoyaga ko'tarilib-tushishi ham lozim. Shuningdek, harbiy xizmatchi chang’ida harakatlanish kabi amaliy mashqlarni ham muvaffaqiyatli uddalay olishi kerak. Shaxsiy tarkibning jismoniy va ruhiy holati, qolaversa, ularda tabiiy qiyinchiliklarni yengib o`tish, yuksak kasbiy tayyorgarlik hamda ekstremal sharoitlarni to`g`ri baholay olish qobiliyati mana shunday o`quv mashg'ulotlarida toblanadi. Shuning uchun mashg`ulotdan ko`zlangan maqsad ham bo`lajak komandirlarda tog`li hududlarda o`z bo`linmasini mohirlik bilan boshqarish bo`yicha amaliy ko`nikma hosil qilish, shaxsiy tarkib bilan tog`ning har qanday iqlim sharoitida to`gri va sifatli harakatlanish bo`yicha bilimlarini mustahkamlashdan iborat bo`ldi. Mashg`ulotning ikkinchi kunida kursantlar bilan "Ko`p qavatli binolardan qurol bilan tushish usullari" mavzusida amaliy mashqlar olib borildi. Unda belgilangan vaqt davomida ko`p qavatli binolarda qurol bilan o`quv jangovar xizmat vazifalarini bajarish bo`yicha amaliy jarayonlar bajarildi. Bundan ko`zlangan maqsad kursantlada ko`p qavatli binoda qurol bilan mustaqil va sifatli ishlash ko'nikmalarini shakllantirish edi. Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari ishtirokida o`tkazilgan mazkur amaliy o`quv mashg`ulotlari xalqimiz osoyishtaligining ertasi ishonchli qollarda ekanidan dalolat berdi.